Qozog‘iston poytaxti Astanada yomon ob-havo sharoiti tufayli maktab o‘quvchilari masofaviy ta’limga o‘tkazildi.
Xususan, 2026-yil 14-yanvar kuni poytaxt maktablarining ikkinchi smenada tahsil olayotgan maktabgacha (nol sinf)dan 9-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari masofaviy ta’lim formatiga o‘tkazilgan.
Bu haqda Astana shahri Ta’lim boshqarmasi rasmiy ma’lumot bergan.
“Ob-havo sharoitlarining yomonlashuvi sababli 2026-yil 14-yanvar kuni ikkinchi smenada tahsil olayotgan 0–9-sinf o‘quvchilari masofaviy ta’lim formatiga o‘tkaziladi,” — deyiladi xabarda.
Shuningdek, yomon ob-havo tufayli poytaxt maktablarining birinchi smenada o‘qiydigan 0–9-sinf o‘quvchilari ham masofaviy ta’limga o‘tkazilganligi qayd etilgan.
Mahalliy hokimiyat vakillariga ko‘ra, ushbu choralar bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan.
