Chet tilini bilish darajasi murakkab vazifalarni bajarishdagi samaradorlikka ta’sir ko‘rsatadi. U qanchalik yuqori bo‘lsa, odamlar ishchi xotiradan shunchalik samarali foydalanadi, diqqatni yaxshiroq jamlaydi va vazifalar o‘rtasida tezroq almashadi.
Chet tilini yaxshi biladigan insonlar ishchi xotira va diqqatni baholovchi testlarda ikkinchi tilni pastroq darajada biladiganlarga nisbatan ancha muvaffaqiyatli natija ko‘rsatadi. Bu xulosaga Norvegiyaning Tromsyo universiteti, Italiyadagi Vita-Salute San-Raffaele universiteti hamda Rossiyaning Oliy iqtisodiyot maktabi huzuridagi Kognitiv neyrofanlar instituti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra kelingan.
Kompyuter o‘yini shaklida o‘tkazilgan tajribada 18–34 yosh oralig‘idagi, ingliz tilini o‘rganayotgan 45 nafar rus tilida so‘zlashuvchi ko‘ngilli ishtirok etgan. Olimlar ishtirokchilarga undosh harflarni — Б, Г, Ж, К, Л, M, П, Ф, Ч, Ш — ko‘rsatib, agar ekrandagi harf avvalroq ko‘rsatilgan harf bilan mos kelsa, o‘ng tugmani, mos kelmasa, chap tugmani bosishni so‘rashgan.
Tadqiqotchilar vazifalarning murakkablik darajasini o‘zgartirib borishgan:
– eng sodda, nol darajada harf blok boshida ko‘rsatilgan harfga mos kelgan holatlarni aniqlash kerak edi;
– birinchi darajada — oldingi bosqichda ko‘rsatilgan harf bilan mos kelishi;
– eng murakkab, uchinchi darajada esa — uch qadam oldin ko‘rsatilgan harf bilan mos kelishi talab qilindi.
Har bir test bir nechta ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholangan: javob berish vaqti, aniqlik va tezlik bilan aniqlik o‘rtasidagi nisbat. Shundan so‘ng bu ko‘rsatkichlarning ingliz tilini bilish darajasi, ikkinchi tilni o‘rganishni boshlash yoshi va undan foydalanish chastotasi bilan qanday bog‘liqligi tahlil qilingan.
Natijalarni tahlil qilish jarayonida olimlar shuni aniqlashdiki, sodda vazifalarda (0–2-darajalar) barcha ishtirokchilar deyarli bir xil darajada muvaffaqiyat ko‘rsatgan. Biroq murakkab vazifalarni bajarishda ingliz tilini yuqori darajada biladigan bilinguallarda javob tezligi va aniqligining pasayishi kamroq bo‘lgan. Ikkinchi tilni yaxshi biladigan bilinguallar vazifa murakkablashgan taqdirda ham ishchi xotiraning yuqori samaradorligini — ham tezlik, ham aniqlik jihatidan — saqlab qolishi kognitiv samaradorlik belgisi hisoblanadi. Ya’ni, bu miya murakkab vazifalarni bajarishda kamroq resurs sarflash qobiliyatiga ega ekanini anglatadi.
“Kognitiv samaradorlik” degani — miyaning fikrlash jarayonlarini qanchalik samarali bajarishi.
Tajriba shuni ko‘rsatdiki, kognitiv samaradorlikka eng katta ta’sir ko‘rsatuvchi omil aynan ikkinchi tilni bilish darajasi hisoblanadi. Ikkinchi tildan foydalanish chastotasi yoki uni o‘rganishni boshlash yoshi kabi boshqa omillar esa unchalik muhim bo‘lib chiqmagan. Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, bu bilingvizmni butun umr davomida miya faoliyatini mashq qildirish uchun foydali vosita sifatida ko‘rishga asos bo‘ladi.

