Malayziya hukumati 2026-yildan boshlab 16 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda ‘‘Reuters’’ xabar berdi.
Malayziya bu qaror bilan bolalarni onlayn xavflardan himoya qilishni maqsad qilgan boshqa davlatlar qatoriga qo‘shiladi.
Rejalashtirilgan cheklovlar haqida 23-noyabr kuni mamlakat aloqa vaziri Fahmi Fazil ma’lum qildi.
“Kelasi yildan ijtimoiy tarmoqlar 16 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun hisob ochishni taqiqlash bo‘yicha hukumat qaroriga rioya qiladi, deb umid qilamiz,” — dedi Fahmi Fazil.
Hukumat Avstraliya va boshqa mamlakatlarda ijtimoiy tarmoqlarda yosh cheklovlarini joriy etish mexanizmlarini o‘rganmoqda. Avvalo, cheklovlar yoshlarni onlayn tahdidlardan — qo‘rqitish, moliyaviy firibgarlik va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik kabilardan himoya qilish zarurati bilan izohlanmoqda.
Avstraliyada esa 2025-yil 10-dekabrdan boshlab, ijtimoiy tarmoqlardan 16 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning akkaunt yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yoshga oid cheklovlar joriy etishini ma’lum qilgan. Bu vaziyatni butun dunyodagi regulyatorlar diqqat bilan kuzatmoqda.
Shuningdek, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Daniya va Gretsiya yoshni tekshirish ilovasi uchun birgalikda test o‘tkazmoqda.
Malayziya so‘nggi yillarda zararli kontent, jumladan, onlayn qimor o‘yinlari va irq, din hamda qirollik mavzulariga oid postlar ko‘paygani sababli ijtimoiy tarmoqlarni yanada qat’iy nazorat ostiga olmoqda. Endilikda mamlakatda 8 milliondan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan platformalar va messenjerlar yangi qoidalar asosida litsenziya olishi shart.
