Joriy yilning 8-noyabr kuni Toshkent shahridagi Alfraganus universitetida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Uzluksiz taʼlim tizimida STEAM gʻoyalar festivali tashkil etildi.
“Gʻoyadan — innovatsiyaga” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Alfraganus universiteti, shuningdek Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Turin politexnika universiteti, YUNISEF, Hindiston elchixonasi va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Festivalning asosiy maqsadi – uzluksiz taʼlim tizimida yaratuvchan, innovatsion va kreativ tafakkurni rivojlantirish, STEAM yondashuvini samarali joriy etish hamda yoshlarning ilmiy va amaliy salohiyatini roʻyobga chiqarishdir.
Festival bir necha treklarda tashkil etildi, jumladan, taʼlim ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlashda “Yagona raqamli taʼlim resurslari va xizmatlari portali”, STEAM mashgʻulotlarini oʻtkazishda raqamli resurslardan foydalanish, Taʼlim ishtirokchilari uchun interfaol kurslarni tashkil etish, “Kichik olimlar laboratoriyasi” amaliy toʻgaragini tashkil etish metodikasi, ART: taʼlim oluvchilarda kognitiv qobiliyatlarni kashf etish va rivojlantirish.
Festivalda, shuningdek, resurslar va modellar taqdimoti ham oʻtkazilib, oliygohlar va metodistlar tomonidan ishlab chiqilgan platformalar, VR/AR vositalari, interfaol metodik yechimlar tanishtirildi.
Tadbir yakunida quyidagi nominatsiyalar boʻyicha eng ilgʻor gʻoya mualliflariga diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi:
– Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti – STEAM Innovator – 2025;
– Eng yaxshi ilmiy-tadqiqot loyihasi – Toshkent shahridagi Prezident maktabi;
– Eng yaxshi startap – “Sehriyo” xususiy maktabi;
– Eng yaxshi metodik resurs – Yunusobod tumanidagi Respublika “Kelajak” markazi;
– Mehrli maktab – Future Skills Champions (Kelajak koʻnikmalari chempioni).



