Hukumatning joriy yil 3-oktyabr kuni “Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyatini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 621-son qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali klinikasi Urganch davlat tibbiyot instituti klinikasi etib qayta nomlandi.
Quyidagilar institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:
– uzluksiz tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
– talabalarda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish uchun shart-sharoitlar yaratish;
-ilmiy-pedagogik salohiyatning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalar va oʻqitish usullarini faol takomillashtirish;
– tibbiyot taʼlimi va ilm-fanining amaliyot bilan integratsiya qilinishini taʼminlash hamda tibbiy yordam koʻrsatish darajasini oshirish.
Shuningdek, 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab institutda tayanch doktorantura va doktorantura tashkil etiladi.
