Davlatimiz rahbari kuni kecha soha xodimlari bilan oʻtkazgan muloqot tadbirida Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 37-maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi Nodira Nabiyevaning faoliyatini yuksak eʼtirof etgan edi.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida ushbu oʻqituvchi bilan uchrashdi hamda uning pedagogik faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ustozning erishgan yutuqlari hamda oʻz kasbiga boʻlgan fidoyiligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng ustoz Nodira Nabiyevaga Prezident sovgʻasi — BYD CHAZOR avtomobili tantanali tarzda topshirildi.
Aytish lozimki, Nodira Nabiyeva yurtimizda “inglizcha-oʻzbekcha surdo lugʻat” yaratgan boʻlib, Germaniyaning “Lambert Academic Publishing» nashriyotida uning «Teaching English to deaf students» nomli kitobi chop etilgan. 8 ta tilda tarjima qilingan mazkur adabiyot AQSHning Galladet universitetida yordamchi oʻquv-uslubiy qoʻllanma sifatida foydalanilmoqda.
Hozirga qadar pedagogning 50 dan ortiq ilmiy maqolalari Germaniya, AQSH, Fransiya, Angliya, Hindiston, Chexiya kabi davlatlarning nufuzli nashrlarida chop etilgan.


