9-10-11-sinf o‘quvchilariga «IBRO-2025” olimpiadasining tuman bosqichida ishtirok etish uchun yana bir imkoniyat beriladi.
Taʼlimni rivojlantirish markazi boʻlim Axborot xizmati rahbari Shavkat Xoʻjaqulov brifingda ma’lum qilishicha «IBRO-2025” olimpiadasida roʻyxatdan oʻtgan biroq turli sabablarga koʻra qatnasha olmagan 9-10-11-sinf oʻquvchilari 10-17-aprel kunlari testbor.uz platformasida dastlabki bosqich imtihonlarini onlayn tarzda topshirishlariga imkoniyat beriladi.
Bugungi kunga qadar olimpiadaga 227 730 nafar oʻquvchi roʻyxatdan oʻtgan. Shundan 192 ming nafar matematikadan, 19 ming nafar fizikadan, 16 ming nafar oʻquvchi informatika va axborot texnologiyalari fani boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan.
Hududlar kesimida esa eng koʻp ishtirokchilar Fargʻona, Buxoro va Toshkent viloyatlaridan roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bu koʻrsatkich nisbatan kam.
Olimpiada gʻoliblari munosib taqdirlanadi. 2–9-sinf oʻquvchilari uchun pul mukofotlari ajratiladi.
10–11-sinf oʻquvchilari oʻrtasidagi gʻolib va sovrindorlarga esa noutbuk, planshet, mobil telefonlar, aqlli soatlar va quloqchinlar taqdim etiladi. Xususan, matematika, fizika yoki informatika fanlaridan eng koʻp va eng tez yechimlarni taqdim etgan oʻquvchiga iPhone 16 smartfoni sovgʻa qilinadi.
Shuningdek, olimpiadada faollik koʻrsatgan, yuqori natijalarni qayd etgan taʼlim muassasasi jamoasiga maxsus bosh sovrin – BYD Chazor avtomobili topshiriladi. Oʻz fan yoʻnalishida TOP-10 natija qayd etgan oʻquvchilarni tayyorlagan oʻqituvchilarga ham alohida tashakkurnomalar beriladi.
