Pedagoglarga vazir ustamasi berishning yangi tartibi tasdiqlandi

Pedagoglarga vazir ustamasi berishning yangi tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 130-son qarori bilan “Xalq taʼlimi vazirining jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi” nizom yangi tahrirda tasdiqlandi.

 

Yangi tahrirga koʻra, har oylik ustama toʻlanadigan malakali pedagog kadrlarni saralash quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilandi:

 

Vazirlik har oylik ustama toʻlanadigan malakali pedagoglarning Respublika boʻyicha cheklangan yillik kvotasini har yili 20-yanvarga qadar belgilaydi.

 

Ishchi guruh har yili 1-fevralga qadar kvotani taʼlim tashkilotlari soni, fan yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat yuritib kelayotgan pedagoglar hamda tarbiyachilar sonidan kelib chiqib, “Maktabgacha taʼlim”, “Boshlangʻich taʼlim”, “Filologiya fanlari”, “Ijtimoiy fanlar”, “Aniq fanlar”, “Tabiiy va iqtisodiy fanlar”, “Amaliy fanlar” yoʻnalishlari boʻyicha hududlar kesimida taqsimlaydi.

 

Ishchi guruh tomonidan kvotaga mos ravishda tegishli yil uchun Jamgʻarma hisobidan har oylik ustama toʻlanadigan malakali pedagog kadrlarni saralab olish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

 

Birinchi bosqichda — kvota belgilangan yildan avvalgi yilning yanvar-iyun va sentyabr-dekabr oylarida boʻlib oʻtgan taʼlim tashkilotlari pedagoglarini attestatsiyadan oʻtkazishning birinchi bosqichi — pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasini aniqlash natijalari har yili 1-martga qadar tahlil qilinadi va nomzodlar roʻyxati shakllantiriladi hamda ikkinchi bosqichga oʻtkaziladigan nomzodlar quyidagi tartibda tanlab olinadi:

 

Hududlar kesimida fan yoʻnalishlari boʻyicha taqsimlangan har bitta kvota uchun nomzodlar orasidan malaka sinovlaridan eng yuqori natijani koʻrsatgan uchta nomzod tanlab olinadi. Bunda:

 

-nomzodlar malaka sinovlarida bir necha marotaba ishtirok etsa yoki bir necha fandan ishtirok etgan taqdirda eng yuqori natijani qayd etgan fani boʻyicha yoki attestatsiya navbati tanlanadi;

 

-agar nomzod ikkita fan boʻyicha ham nomzod sifatida tanlab olingan taqdirda qaysi fanni tanlash oʻqituvchi tomonidan amalga oshiriladi.

 

Nomzodlarning ballari teng boʻlgan taqdirda, ularni tanlab olish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:

 

-nomzodning amaldagi malaka toifasi darajasi yuqoriligi;

 

-Vazirlik tizimidagi tashkilotlardagi koʻp yillik ish stajiga egaligi.

 

Yuqoridagi barcha holatlarda ham ballar teng kelib qolgan taqdirda, istisno tariqasida, pedagoglarning barchasi ikkinchi bosqichga oʻtkaziladi.

 

Pedagog xodimlarga navbatdagi majburiy attestatsiyada mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasini aniqlash hamda oʻquv fani boʻyicha malaka sinovidan imtiyoz sifatida berilgan maksimal ball inobatga olinmaydi.

 

Ushbu pedagog xodimlar hamda navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan fan oʻqituvchilari va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan tarbiyachilar oʻz xohishiga koʻra, tegishli yilda tashkil etiladigan attestatsiyada navbatdan tashqari ishtirok etish orqali Jamgʻarma hisobidan har oylik ustama toʻlanadigan malakali pedagog kadrlarni saralashning 1-bosqichida ishtirok etishlari mumkin.

 

Ikkinchi bosqichda — birinchi bosqich yakunlanganidan soʻng 60 ish kuni ichida tanlab olingan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat oʻtkaziladi.

 

Bunda suhbat oʻtkazish tartibi va mezonlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Suhbat oʻtkazish jarayoni esa videoyozuvga olinadi.

 

Ikkinchi bosqich jarayonlari yakunida birinchi va ikkinchi bosqich ballarini qoʻshgan holda umumiy ballar chiqariladi hamda eng yaxshi natija egalariga belgilangan kvota doirasida ustama belgilanadi.

 

Saralash natijalariga koʻra Jamgʻarma hisobidan har oylik ustama olishga tavsiya etilgan umumtaʼlim tashkilotlarining malakali pedagog kadrlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5,5 baravari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilariga 2 baravari miqdorida har oylik ustama toʻlanadi.

 

Har oylik ustama u belgilangan kundan boshlab 9 oy davomida beriladi. Bunda xodimning ish joyi, lavozimi oʻzgargan holda ham uning har oylik ustamasi saqlab qolinadi va belgilangan muddatga qadar toʻlanadi.