Toshkentdagi maktablarda sil kasalligi tarqalgani bo’yicha SSV munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi umumtaʼlim maktablaridan birida sil kasalligi aniqlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat bo’yicha Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Rasmiy munosabatini berdi.

 

Mazkur holat yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi.

 

Aniqlanishicha, Shayxontohur tumanidagi 59-sonli umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi M.S. 2024-yilning 26-dekabrida Toshkent shahar 3-son ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.

 

Bemorning opasi M.D.ning soʻzlariga koʻra, singlisi M.S. soʻnggi oylarda tez-tez betob boʻlgan. Davolanish uchun faqat xususiy klinikaga murojaat qilgan. Oxirgi marta LOR-shifokor koʻrigidan keyin 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan.

 

Dispanserda oʻtkazilgan rentgenografiya tekshiruvi natijasida unga “Oʻng oʻpka yuqori boʻlagi yalligʻlangan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qoʻyilgan va bemor darhol Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.

 

M.S. bilan uyda muloqotda boʻlgan 6 kishi (2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024-yil 27-dekabrda 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan oʻtkazilgan va ularda faol sil kasalligi aniqlanmagan.

 

Shuningdek, M.S. bilan muloqotda boʻlgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud 59-sonli umumtaʼlim maktabi va bemor qoʻshimcha darsga qatnagan xususiy oʻquv maktabi oʻquvchilari va oʻqituvchilari Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan oʻtkazilgan.

 

Tekshiruvlar davomida 1 nafar oʻquvchi (2008-yilda tugʻilgan A.A., bemor M.S.ning yaqin dugonasi)da “Oʻng oʻpka yuqori boʻlagi oʻchoqli sili” BK abs aniqlanib, u shifoxonaga yotqizilgan.

 

Shuningdek, 3 nafar oʻquvchi — A.A., R.M. va E.D. va 1 nafar oʻqituvchi B.U.larda kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.

 

Aniqlangan kamchiliklarlar yuzasidan Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 59-sonli umumtaʼlim maktabi direktoriga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

 

Bugungi kunda 59-sonli umumtaʼlim maktabida davlat dasturi asosida kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sababli ushbu taʼlim muassasasining boshlangʻich sinf oʻquvchilari 115-umumtaʼlim maktabida, yuqori sinf oʻquvchilari esa tumandagi 82-sonli umumtaʼlim maktabida oʻqishni davom ettirmoqda.

 

Joriy yil 21-yanvarda 82-sonli umumtaʼlim maktabida tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy olib borildi. 2025-yil 22-yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari oʻtkazildi.

 

Shuningdek, 115-sonli umumtaʼlim maktabida ham 23-yanvar kuni tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy tashkil etildi.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры