Qalampir.uz’ning ma’lum qilishicha, Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan 59-, 82- va 115-maktab o‘quvchilari orasida sil kasalligi tarqalgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Qalampir.uz’ga o‘quvchilarning ota-onalari tomonidan murojaatlar kelib tushgan.
Aytilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining bu holatdan xabari bor va allaqachon maktabda dezinfeksiya ishlarini olib borilgan. Ammo vazirlik hozircha bu haqda rasmiy axborot bermagan.
“Shayxontohur tumanidagi 59-maktabda uchta bolam o‘qiydi. Lekin bizning bu maktab vaqtinchalik ta’mir tufayli hozirda yopilgan. Sentyabr oyidan beri 59-maktabda hech kim o‘qimayapti. Yuqori sinf o‘quvchilarini 82-maktabga, boshlang‘ich sinflarni esa 115-maktabga olib o‘tishdi. Yangi yildan keyin 82-maktab o‘quvchilariga birdaniga niqob taqtirishdi. “Niqob taqinglar, niqob taqinglar” deb qattiq tayinlash boshlandi. Agar niqob taqilmasa, birdaniga jarima qilinar ekan, deb qizim keldi. Nimaga birdaniga niqob taqilyapti, deb hayron qoldim. Keyin bilsak, tuberkulyoz chiqibdi maktabimizdan”, – degan ota-onalardan biri.
Ularning aytishicha, ota-onalardan jamoat dispanseriga borish, farzandlarini bepul ko‘rikdan o‘tkazish talab qilingan.
“59-maktabdanmiz, desak, tezda qabul qilishar ekan. Men bolalarni maktabga yubormayman dedim. Maktab bu haqida bizga umuman ma’lumot bermadi. Keyin sirtdan dispanserga bordim. Uchta bolani ko‘rikdan o‘tkazishga borsam, shifokorlar maktabdan tuberkulyoz aniqlanganini tasdiqladi.
Barcha tashkilotlarga xabar berilgan ekan, lekin maktab ma’muriyati bu masalada befarqlik bilan qarayotgan ekan. Bosh vrachning aytishicha, ular bu masalada maktablar rahbariyatidan chora-tadbirlar ko‘rishni so‘ragan. Lekin ular mas’uliyatsizlik bilan odamlar hayoti haqida yetarli darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatmagan”, – deya ma’lum qilgan murojaatchi.
“Hozirgina Shayxontohur tuman SES’ning bosh shifokori bilan gaplashdim tuberkulyoz masalasida. Ikki holat aniqlangan ekan: biri o‘qituvchilardan va biri boshqa kishi. Hozirgi holatda ular alohida ajratilib, kuzatuvga olinganini aytishdi. Barcha o‘qituvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak ekan, lekin o‘quvchilar to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tishga duch kelmagan. Maktabni to‘xtatish esa ularning nizomida bunday holatda nazarda tutilmagan, balki ommaviy holatlar aniqlanganda mumkin ekan. Issiq kiyintirib, bolalarning immunitetini ko‘tarish orqali ularni himoyalash kerakligini ta’kidlab, kasallikka qarshi kurashni davom ettirishni aytishdi”, – degan boshqa bir ota.
Ammo ota-onalarga aytilgan kasallanganlar soni ko‘p o‘tmay yana oshgan. Eng so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ikkita o‘qituvchi va to‘rtta o‘quvchida sil kasalligi aniqlangan. Xabarda o‘qituvchilar o‘zlarining kasallanganini bilmasdan 82-maktabda ham, 115-maktabda ham dars o‘tishda davom etgani aytilgan. Ota-onalar guruhidagi yozishmalardan so‘nggina bu haqdagi e’tirozlar yuzaga chiqa boshlagan.
Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Hikmatovaga xat bilan chiqdim, shikoyat xati bilan Telegram’da ularga yozdim. Agar dushanba kuni yozgan bo‘lsam, dushanba odam jo‘natdi, seshanba dezinfeksiya qilishdi. Hozirda mening bolalarim shanba kunidan beri uyda, darsga bormayapti. Keyin seshanba kuni karantinga yopinglar, infeksiyani yaxshilab tozalanglar, keyin bolalar boradi desam, “yo‘q” deyishdi. Bu bir pasda bizning qo‘limizda emas, ta’lim vazirligi ruxsat bermayapti, hech qanday asos yo‘q deyishadi. Oltita odamga yuqqani asos emasmi, dedim. Ha, oltita odam umumiy axir. O‘sha yerda majlis qilishibdi, bir kunlik dezinfeksiya qilishdi, lekin ko‘nglim yana to‘lmadi”, dedi o‘quvchilardan birining onasi.
Shuningdek, Qalampir.uz ixtiyorida Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Hikmatovaning haqiqatdan ham ota-onalar bilan mazkur mavzu bo‘yicha gaplashgani, maktablarni dezinfeksiya qildirgani aks etgan yozishmalar borligi aytilgan.
Bundan tashqari, ota-onalar Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga ham holat bo‘yicha xabar berishgan. Ammo ular ham bu ishni nazoratga olishlarini aytgan-u hech qanday amaliy ishlarni bajarmagan.
“Menga epidemiologiya markazi xodimlari maktabni yopa olmasligini aytishdi. Ularning aytishicha, bunga asosiy sabab o‘qituvchilarning maoshsiz qolishidir. Ularning hech biri buni bo‘yniga olgisi kelmayapti. Shuning uchun maktab yopilmaydi va o‘z vaqtida ishlashda davom etishini aytishdi menga. O‘qituvchilarni oyligini menga havola qildilar. Bu umuman aqlga to‘g‘ri kelmaydigan narsa. O‘qituvchilar umuman bolalarga va ota-onalarga ogohlantirmasdan, faqat direktor o‘qituvchilarni ko‘rikdan o‘tkazish haqida masalalarni ko‘rib chiqmoqda. Lekin tashqaridan bilmaganmiz, mana boshqa ota-onalarga o‘xshab ko‘pchilik yozmoqda. Menga rostdan shunday ekanmi, nima ekanligini bilishmaydi. Ko‘p ota-onalar bilmaydi, shuning uchun maktab yuz foiz tekshiruvdan o‘tmagan, yopib turilishi kerak”, – degan ota-onalar.
Yana bir o‘quvchining onasi esa o‘zi ham shifoxonada hamshira bo‘lib ishlashini ma’lum qilib, Toshkent bo‘yicha barcha shifoxonalarda hozir shu muammo muhokama etilayotganini aytgan. Shayxontohur tumanidagi 59-, 82-, 115-maktab o‘quvchilarning ota-onalari maktablarda jiddiy tekshiruv olib borilishi, bordi-yu kasallik avj olgani aniqlansa, mas’ullardan tezkor choralar ko‘rishni talab qilgan.
Ma’lumot uchun, tuberkulyoz ya’ni sodda qilib aytganda sil – mycobacterium tuberculosis bakteriyasi tomonidan chaqiriladigan, keng tarqalgan kasallik. Havo-tomchidagi bakteriya nafas yo‘llari orqali organizmga kiradi. So‘ng bronxlar shilliq qavati va alveolalarga o‘tadi hamda qon orqali butun tanaga tarqaladi. Silning o‘pka va o‘pkadan tashqari turlari mavjud.
O‘pkadan tashqari kechuvchi tuberkulyoz buyrak, suyak, teri yoki nerv tizimi faoliyatiga shikast yetkazishi mumkin. Kasallik odatda immuniteti past, surunkali xastaliklar bilan og‘riydigan, alkogol mahsulotlarini iste’mol qiluvchi va ko‘p vaqt stressda bo‘ladigan odamlarga oson yuqadi.
Tuberkulyoz bilan og‘rigan bemorlarda yo‘tal, isitma, qonli yo‘tal, ko‘krak qafasidagi og‘riq, qattiq terlash va zaiflik simptomlari kuzatiladi. Kasallik ayniqsa bolalarda faolroq kechadi va limfa tugunlarining kattalashib og‘rishi, terining oqarishi, uyqu buzilishi, fikr tarqoqligi, kayfiyatning keskin o‘zgarib turishi kabi belgilarni namoyon qiladi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, mikrob bilan zararlangani zahoti bemorda simptomlar paydo bo‘lmasdan kasallik yashirin tarzda kechishi mumkin. Zararlanishdan keyin organizmda immunitet holatiga qarab kasallik belgilari 2-3 oydan bir yilgacha muddatda o‘zini namoyon qilishi mumkin. Jiddiy simptomlariga qaramasdan, zamonaviy tibbiyot tuberkulyozni butunlay davolay oladi. Shunday bo‘lsa-da, odamlar imkon qadar o‘zlarini muhofaza qilishlari, kasallanganlar bilan masofa saqlashi va gigiyena qoidalariga amal qilishi lozim.