Xitoyda bolalarni maktabga kuryerlar bilan yetkazish amaliyoti ommalashib bormoqda. Ba’zi ota-onalar bu usulni yomon ob-havo yoki erta turishdan qochish maqsadida tanlashmoqda.
South China Morning Post nashriga ko’ra, Xitoyning janubidagi Guangxi avtonom hududida yashovchi bir ayol ijtimoiy tarmoqlarda, ertalab juda sovuq bo’lgani uchun to’shakdan turish qiyin ekanini aytib, kuryerlik xizmatidan soat yetti yarimda foydalanib bolasini maktabga olib ketishini ma’lum qilgan.
Keyinchalik Henan viloyatida yashovchi boshqa bir ona kechki smenada ishlashi sababli ertalab uyg’onishning qiyinligini va ko’pincha bolasini kuryer bilan maktabga yuborishini aytgan. U xavfsizlikni muammo deb hisoblamasligini, chunki maktab uyiga yaqin joyda joylashgan va kuryerlar har safar bolani muvaffaqiyatli yetkazib berganini tasdiqlovchi videolarni yuborishlarini ta’kidlagan.
Boshqa bir foydalanuvchi tajribasini o’rtoqlashgan, u yomg’ir yog’ib, avtomobil harakati qiyinlashgan vaqtda kuryerga bolasini maktabga yuborgan. Elektr velosipedida ketayotgan kuryer, tirbandlikni aylanib o’tib, bolani o’z vaqtida maktabga yetkazib qo’ygan.
Bu holatlarni muhokama qilgan xitoyliklar turli fikrlar bildirishdi. Ba’zilar ota-onalarning kreativligini maqtashdi va yuklarni ham, bolalarni ham yetkazishda asosiy e’tibor tezlik va xavfsizlikka qaratilganini ta’kidladilar. Boshqalar esa kuryerlar tez shoshilishini, bu esa tezlikni oshirish va chiroqdan o’tish xavfini keltirib chiqarishini, shuning uchun yosh yo’lovchining xavfsizligini kafolatlashning qiyinligini aytishdi.
Shuningdek, izohlovchilarda tabiiy savol tug’ildi: agar bola jarohat olsa yoki yo’qolsa, kim javobgar bo’ladi — ota-ona yoki kuryer?
Dekabr oyining oxirlarida bu masala bo’yicha kuryerlik kompaniyalari rasmiy bayonotlar berishdi. Bir kompaniya vakillari, odamlarni tashish xizmatlari ularning siyosatiga kirmasligini va bu qoidaning buzilishi natijasida kuryerlarga jazo choralari ko’rilishini ma’lum qilishdi. Boshqa kompaniya esa ota-onalarga kuryerlarda faqat bitta shlem mavjudligini va shuning uchun yo’lovchining xavfsizligini ta’minlay olmasligini eslatib o’tdi.
Yurist Chao Lianshaning so’zlariga ko’ra, yo’lovchilarni tashish uchun maxsus litsenziya kerak bo’ladi, lekin kuryerlik xizmatlari bunga ega emas. Shuning uchun bunday amaliyot noqonuniy hisoblanishini qayd etgan.