Ta’lim muassasasini tekshirmoqchi bo‘lgan MMTB xodimi maktabni tekshirish uchun asoslantiruvchi hujjatlarni ya’ni, xizmat guvohnomasi va tekshirishni o‘tkazishga asos bo‘ladigan hujjatlarni maktab ma’muriyatiga taqdim qilishi kerak.
Agar MMTB xodimi tekshirishni o‘tkazishga asos bo‘ladigan hujjatlarga ega bo‘lmasa, maktab rahbariyati ta’lim muassasasida tekshiruv o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslikka haqli.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmoniga muvofiq 2023-yil 1-sentabrdan boshlab hududiy maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash vakolatlari tugatilgan.
Tanaffuslar masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-mart kungi 140-qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizom bilan tartibga solinadi.
Unga ko‘ra, dars mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffusning davomiyligi — 5-10 daqiqa, o‘quv kuni o‘rtasidagi tanaffus (katta tanaffus)ning davomiyligi esa — 15-30 daqiqa etib belgilanishi mumkin.
Ya’ni, maktab ma’muriyati o‘zining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, tanaffusning davomiyligini 10 daqiqa, katta tanaffuslarni esa 30 daqiqa etib belgilashi haqli.
Zaruriyat tug‘ilganda pedagogik kengashning qarori bilan yuqorida tilga olingan nizom talablaridan kelib chiqib, maktab ma’muriyati tanaffuslar davomiyligini yana o‘zgartirishi mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, MMTB xodimi ta’lim muassasasining o‘quv-tarbiya jarayoniga asossiz ravishda aralashishi qonunchilikka zid.
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-5-moddasida pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashishi yoki ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Ushbu qilmishlarni sodir etgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Manba: Xalq ta’limi info