2024-yilning 23-oktyabr kuni Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanida 8-sinf oʻquvchisi oʻgʻirlab ketilgan. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
Qarindoshlarining soʻzlariga koʻra, oradan maʼlum vaqt oʻtgach, ular qizlari yoʻqolgani haqida ariza yozishgan.
Shundan soʻng, 6-noyabr kuni qiz badanida zoʻravonlik izlari bilan topilgan. Qizning soʻzlariga koʻra, uni bir necha kun kaltaklab, spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalar qabul qilishga majburlab, irodasiga qarshi ushlab turishgan va zoʻrlashgan. Uning yaqinlari qizni shifokorga olib borishgan.
OʻzR Ichki ishlar vazirligi aniqlik kiritishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, barcha ishtirokchilar aniqlanib, tegishli sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Qiz yaqinlarining soʻzlariga koʻra, ish bir-ikki kun avval ochilgan va zoʻrlaganlar orasida prokuraturada ishlovchi shaxs ham boʻlishi mumkin (ammo u eski sana bilan ishdan boʻshatilgan).
Jabrlanuvchining yaqinlarining soʻzlariga koʻra, 7-noyabr kuni (qiz topilganning ertasiga) tergovchi uni gumonlanuvchilar bilan bitta mashinada, lekin ota-onasisiz koʻrikdan oʻtkazish uchun olib ketgan. Qiz esa eskpert erkak boʻlgani uchun ekspertizadan bosh tortgan. Shuning uchun, ekspertiza 10-noyabr kuni (yana qarindoshlarsiz) oʻtkazilgan. Ammo qonida alkogol yoki zararli moddalar bor-yoʻqligini tekshirish uchun undan qon olinmagan.
Bundan tashqari, qizning qarindoshlari prokuraturaga borishganida tashqarida ularni psixiatrik brigada kutib turgan, ularni uchastka noziri chaqirgan ekan.
Jabrlanuvchi qiz bilan maktab psixologi ham ishlashi mumkin edi, lekin maktabda unga bunday yordam taqdim etilmagan. Qiz maktabga bormagani uchun uning ota-onasiga 1,2 mln soʻm miqdorida jarima solishgan. Ayni damda qiz maktabga borishdan qoʻrqmoqda, negaki hamma boʻlgan voqeadan xabardor.
Shuningdek, gumonlanuvchilar hali ham ozodlikda. Ulardan biri Turkiyaga qochib ketgan. Shuningdek, qizga arizasini qaytarib olishi uchun har turli bosim oʻtkazilayotgani aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani rasmiy xabariga koʻra,
«Holat yuzasidan gumonlanuvchi shaxslarga nisbatan JKning 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda jinoyat ishi doirasida voyaga yetmagan qizga nisbatan tegishli sud-tibbiyot va biologik ekspertizalari tayinlangan. Bu borada qoʻshimcha axborot beriladi».