Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida jadid alloma, adib va mutafakkirlarning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, ma’naviy dunyosini boyitish maqsadida “Jadidlar izidan” Respublika tanlovi tashkil etiladi.
Mazkur tanlov davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim olayotgan 6-10-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va tilidan qat’iy nazar ishtirok etish huquqiga ega.
Tanlov uch bosqichda — tuman (shahar), hududiy va respublika darajasida tashkil etiladi. Dastlabki bosqich oktabr oyida tuman (shahar) maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Tanlovning asosiy mezonlaridan biri 100 ballik tizim bo‘lib, ishtirokchilar test savollari va jadidlar ijodi bo‘yicha bilimlarini namoyish etishadi.
Hududiy bosqich noyabr oyida o‘tkazilib, unda o‘quvchilar test sinovlari, asar tahlili va boshqotirmalar orqali o‘z bilimlarini namoyish qiladilar. Ushbu bosqichda eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar respublika bosqichiga yo‘llanma oladilar.
Respublika bosqichi dekabr oyida o‘tkazilishi rejalatirilgan. Unda har bir sinf toifasi bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatini qo‘lga kiritadilar. Shuningdek, g‘oliblarni mahalliy hokimliklar tomonidan esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.