Ijtimoiy tarmoqlar orqali Ellikqal’a tumanida joylashgan maktablardan birida dars jarayonida o‘quvchini yaqinlari tomonidan olib ketilgani bo‘yicha videotasvir tarqaldi.
Taqdim etilgan videolavha yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ishchi guruh tuzildi va o‘rganish ishlari olib borildi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur voqea 2024-yil 6-sentyabr kuni sodir bo‘lgan.
Videotasvirdagi bola — Ellikqal’a tumani 28-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1-sinf o‘quvchisi Y.X.ning otasi 5-yil avval vafot etgan. Bola otasining onasi qo‘lida qolgan. Bolani o‘z tarbiyasiga olish uchun onasi Sh.S. 6-sentyabr kuni o‘zining aka-ukalari bilan maktabga orqa eshikdan kirib, dars bo‘layotgan xonada o‘qituvchining qarshiligiga qaramasdan o‘quvchiga kuch ishlatib, sinfdan olib chiqib ketgan.
Shu vaqtning o‘zida maktab direktori tomonidan Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlariga xabar berilgan.
Bugungi kunda o‘quvchining onasi Sh.S. tomonidan bolani o‘z tarbiyasiga olish bo‘yicha bir necha bor sudga murojaat qilganligi ma’lum qilindi.
Mazkur masala yuzasidan hujjatlar sud tartibida hal qilinishi uchun taqdim etilgan. Hozirda Y. X.ning ta’lim olish huquqi tiklanib, bola maktabda o‘qishini davom ettirmoqda.