Xabaringiz bor, Navoiy shahridagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida bog‘cha tarbiyachisi ikki nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisiga baqirgani, ularni urgani, tepgani va joyidan uloqtirib yuborgani tasvirlangan video tarqalgandi.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mazkur tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganini va xususiy bog‘chaning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani ma’lum qilingan edi.
Navoiy viloyati IIB ma’lumotiga ko‘ra, holat joriy yilning 7-aprel kuni Navoiy shahar “Yangiariq” MFYda joylashgan fuqaro S.S. rahbarligi ostida bo‘lgan xususiy bog‘chada sodir etilganligi, mazkur ta’lim muassasasida tarbiyachi bo‘lib ishlab kelayotgan 2003-yilda tug‘ilgan fuqaro E.N. o‘zining qaramog‘i ostidagi guruhida tarbiyalanayotgan bolalarni go‘yoki, tartibga solish usuli sifatida ayovsiz kaltaklaganligi aniqlangan.
“Shuningdek, o‘rganishlar davomida gumonlanuvchi tomonidan joriy yilning mart oyidan aprel oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida qaramog’ida bo‘lgan bolalarni o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyati cheklanganligi va ojiz ahvolda ekanligidan foydalanib, do‘pposlash va zo‘rlik ishlatib sodir etiladigan boshqa harakatlar bilan muttasil ravishda qiynab kelganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan E.N.ga nisbatan Navoiy shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va fuqaro gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov yakuniga ko‘ra, aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, – deyiladi xabarda.
Avvalroq, mazkur holat Ombudsman nazoratiga olinib, IIV va MTMB tomonidan o‘rganilayotgani haqida xabar berilgan edi.
