Parkentlik 11-sinf o‘quvchisi bir nechta fanlardan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Parkentlik 11-sinf o‘quvchisi bir nechta fanlardan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Toshkent viloyati Parkent tumani 2-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Ismog‘ilova Durdona Ismoil qizi bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

U o‘zbek tili va adabiyotdan A+, tarixdan B+, CEFR B2 va matematika fanidan C+ sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. O‘quvchi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining filologiya yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri Durdona o‘zining tayyorgarlik jarayoni va kelgusi rejalari haqida bo‘lishdi.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi 2024-yilda paydo bo‘ldi”

 

Durdonaning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi bunda ikki yil avval paydo bo‘lgan.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi 2024-yilda paydo bo‘ldi. Tayyorgarlik jarayoni biroz qiyin kechdi, ammo uddalasa bo‘ladi.”

 

“Har bir fandan tayyorgarlik muddati alohida bo‘ldi”

 

O‘quvchi tayyorgarlikni har bir fan uchun alohida muddatlarda ko‘rganini ta’kidladi. Ingliz tilidan tayyorlanish esa uning uchun eng ko‘p vaqt talab qilgan fani bo‘lgan.

 

“Sertifikat olishga qaror qilganimdan keyin tayyorgarlikni boshladim. Ingliz tilidan 1,5 yil, ona tili fanidan 8 oy, tarixdan 5 oy va matematika fanidan 2 oy muddatda tayyorlandim. Tayyorgarlik jarayonida asosan repetitor ustozdan foydalandim”.

 

“Pomodoro usuli katta yordam berdi”

 

Bo‘lg‘usi talaba sertifikatga tayyorlanish jarayonida maktab darslarini tayyorlash uchun kuniga 2 soat vaqt ajratgan.

 

“Sertifikat olishga tayyorlanayotgan vaqtim telefon ishlatmadim. Dars qiladigan vaqtimning ikki soatini maktab darslariga, qolgan vaqtni esa sertifikatga tayyorlanish uchun ajratdim. Shuningdek, tayyorgarlik davrida “pomodoro” usuli menga juda katta yordam berdi”, – deydi u.

 

Qolaversa, maktabdagi ustozlarining ham ko‘p yordam berganini, o‘z bilimlari bilan bo‘lishib, unga tayyorgarlikda ko‘maklashganini ta’kidladi.

 

“Stressni ota-onamning ishonchi bilan yengdim”

 

Durdona ba’zan stress va tushkunlikka tushgan bo‘lsa-da, ota-onasining ishonchi unga kuch bergan.

 

“Sertifikatga tayyorlanishni boshlaganimda biroz qiynaldim, ammo keyinchalik 4 soat uxlashga odatlandim. Oldimga qo‘ygan maqsadlarim meni kamroq uxlashga undardi. Tunda 00:00 dan tonggi soat 4 gacha uxlardim va bu menga kun davomida yetar edi”, – deya eslaydi u.

 

O‘quvchining aytishicha, tushkunlikka tushgan paytlar va test natijalari past chiqqan holatlar ham ko‘p bo‘lgan.

 

“Ko‘pincha, test natijalarim past chiqardi. Bunday holat o‘quvchiga qattiq ta’sir qiladi, kayfiyatimni ko‘taruvchi ishlarni qilib, so‘ng yana dars qilardim”.

 

“Savollar darajasi o‘rtacha edi, lekin hayajon bor edi”

 

Imtihon jarayonida savollarni to‘liq tushunish va vaqtni samarali taqsimlash muhim omil bo‘lib, Durdona o‘zining hayajonini yengib, imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan.

 

“Savollar darajasi o‘rtacha edi. Qiyinlik qilmadi, lekin hayajon bo‘lgan. Albatta, o‘zimni bilim darajamni bilish uchun topshirdim, ammo qanday topshirar ekanman degan o‘y kelaverdi”.

 

Imtihonda yuqori ball olish uchun u testdagi qiyin savollarni oxiriga qoldirib, o‘zining bilim darajasiga ishonganini aytdi.

 

“Testda yuqori ball to‘plash uchun menga qiyinlik qilgan savollar bilan alohida shug‘ullanar edim, ya’ni qiyin savollar ustida ishlardim.”

 

Suhbat yakunida maktabdagi ta’lim haqida to‘xtaldik. Durdonaning fikricha, maktab dasturini o‘zgartirish shart emas.

 

“Umuman olganda maktab dasturini o‘zgartirishga hojat yo‘q. Sertifikat olgan ustozlar bilan ko‘proq ishlashni, to‘garaklarga qatnashishni tengdoshlarimga maslahat beraman.”

 

Hozirgi vaqtda Durdona maktab fanlariga to‘liq e’tiborini qaratgan bo‘lib, yozda IELTS o‘qish niyati borligini bildirdi.

 

Durdonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, 3 ta fandan milliy hamda IELTS 7.5 va SAT 1440 ballik sertifikatlarni olgan, shuningdek, 3 ta TOP-100 universitetlarning “foundation” dasturlariga qabul qilingan o‘quvchi Hilola Aliqulova bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni batafsil o‘qish