Qozog‘istonda tajribali o‘qituvchilar uchun fan bo‘yicha malaka testidan o‘tish majburiyati bekor qilindi. Bu haqda ta’lim vaziri Juldiz Suleimenova ma’lum qilgan.
Unga ko‘ra, endi ish tajribasiga ega amaldagi pedagoglar ushbu testdan to‘liq ozod etilgan. Bu qaror doimiy tartib sifatida belgilangan.
“Bu vaqtinchalik to‘xtatish emas. Pedagoglar endi malaka testini topshirmaydi! Biz ushbu bosqichni to‘liq bekor qildik. Biroq universitet bitiruvchilari uchun test saqlanib qoladi, chunki ular tizimga kirishda o‘z malakasini tasdiqlashi zarur”, — degan Juldiz Suleimenova.
Malaka testi faqat pedagogika oliy ta’lim muassasalarini tugatib, maktabga ilk bor ishga kirayotgan bitiruvchilar uchun saqlab qolingan. Ularning kasbiy tayyorgarligini baholash uchun ushbu sinovdan o‘tish talab etiladi.
Shuningdek, ikki yillik ish tajribasidan so‘ng yosh mutaxassislar “pedagog-moderator” darajasini tasdiqlash uchun testni bir marta topshiradi.
Boshqa o‘qituvchilar uchun esa bu bosqich endi qo‘llanilmaydi. Shu bilan birga, test natijalari yakuniy attestatsiya natijalariga ta’sir ko‘rsatmaydi.
“Hozirgi vaqtda attestatsiya muddati yetib kelgan qariyb 51 ming nafar pedagog malaka testidan muvaffaqiyatli o‘tib, attestatsiyani yakunlagan. Sentyabrdan boshlab ularga tegishli ustamalar to‘lana boshlanadi”, — deya ta’kidlagan vazir.
Shuningdek, yangiliklar qatorida elektron portfolioga o‘tish ham nazarda tutilmoqda. Endi o‘qituvchilar qog‘oz hujjatlar yig‘ishdan ozod etiladi. Barcha materiallar elektron shaklda yuritiladi va ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, mualliflik dasturlarini ishlab chiqish va taqdim etish talabi ham bekor qilinmoqda.
