Endi yakshanba kuniga ham dars qo‘yish mumkin: HEMIS yana yangilandi

Endi yakshanba kuniga ham dars qo‘yish mumkin: HEMIS yana yangilandi

HEMIS tizimining 2026-yil 10-apreldagi yangi versiyasi (v1.8.6) foydalanishga topshirildi. Ushbu versiyada foydalanuvchilar uchun bir nechta qulayliklar mavjud.

 

Qayd etilishicha, mazkur yangilanishda boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt integratsiyasi va foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan quyidagi o‘zgarishlar amalga oshirilgan:

 

  • Hemis tizimida o‘quv reja semestrlari xaftalarining muddatini 7 kunlikka moslash funksionali ishlab chiqildi hamda yakshanba kuniga ham dars qo‘yish va dars jadvalini generatsiya qilish funksionallari takomillashtirildi.
  • Transkript funksionaliga talaba familiyasi, ID raqami va pasport raqami bo‘yicha qidirish filtri qo‘shildi.
  • Akademik yozuvdagi talabalarning fanlari va ularning baholarini excelga eksport qilish funksionali qo‘shildi.
  •  Akkreditatsiya funksionalida guruh bo‘yicha talabalarning fanlari va ularning baholarini excelga eksport qilish funksionali qo‘shildi.
  • O‘quv reja yaratishda fakultet, mutaxassislik, ta’lim turi va talim shakli hamda o‘quv yili bo‘yicha unikallik o‘rnatildi.
  • Hemis tizimining Rahbariyat roliga tyutorlar faoliyatini kuzatib borish uchun Tyutor monitoringi funksionali qo‘shildi.
  •  Shaxsiy qaydnoma funksionali takomillashtirildi. Endilikda shaxsiy qaydnoma qo‘shishda faqatgina ruxsat berish buyrug‘ida qayd qilingan talabalar ro‘yxati ko‘rinadi.
  • Hemis tizimi Antiplag.uz plagiatga tekshirish tizimi bilan integratsiya qilindi. Endilikda talabalar kontentlarini tekshirish yo‘lga qo‘yiladi.
  • Hemis tizimi sun’iy intellektning Gemini va Ollama modellaridan iborat AI chatbot tizimlari bilan integratsiya qilindi.
  • Hemis tizimiga tizimni baholash va tiket tizimi orqali savol berish funksionallari ishlab chiqildi va qo‘shildi.

 

Shuningdek, Hemis tizimida talaba o‘qishini tiklash, talaba o‘qishini bekor qilish, talabalarga intizomiy chora qo‘llash va talabalarga shaxsiy grafik berish buyruqlarining funksionallari ishlab chiqilgan.

 

O‘quv rejasida 7 kunlik haftalik tizim joriy etildi

 

HEMIS tizimida o‘quv reja semestrlari haftalarining muddatini 7 kunlikka moslashtirish funksionali ishlab chiqildi. Endi yakshanba kuniga ham dars qo‘yish va dars jadvalini to‘liq generatsiya qilish imkoniyati yaratildi.

 

Bunda quyidagi bosqichlar amalga oshiriladi:

 

1. O‘quv reja haftalari sahifasiga kiriladi – tegishli o‘quv reja tanlanib, haftalar ro‘yxati ko‘rib chiqiladi.

 

2. Muddatlarni to‘g‘rilash – agar haftalar ro‘yxati avvaldan yaratib bo‘lingan bo‘lsa, “7 kunlikka moslash” tugmasini bosish orqali haftalarning kalendar muddatlari avtomatik tarzda tuzatiladi.

 

3. Dars jadvalini shakllantirish – muddatlar moslashtirilgandan so‘ng, tizim yakshanba kunini ham ishchi kun sifatida qabul qiladi va dars jadvalini shu tartibda generatsiya qilish imkonini beradi.

 

Eslatma: agar OTTda 7 kunlik ish (o‘qish) haftasiga ehtiyoj bo‘lmasa, haftalar muddatini asl holicha qoldirib, odatdagidek foydalanishni davom ettirish lozim.

 

Ushbu funksiya haftalar oralig‘ini kalendar bo‘yicha aniq taqsimlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatoliklarni bartaraf etadi.

 

Rahbariyat uchun “Tyutor faoliyati monitoringi” bo‘limi 

 

HEMIS tizimining “Rahbar” (Rektor, prorektor, dekan) rollariga tyutorlar ish faoliyatini masofadan turib tahlil qilish va nazorat qilish imkonini beruvchi yangi funksional qo‘shildi.

 

Ushbu bo‘limga o‘tish: Xodimlar/tyutor monitoring

 

Monitoring orqali quyidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida kuzatish mumkin:

 

1. Talabalar kontingenti:

 

Tyutorga biriktirilgan talabalarning umumiy soni va tarkibi.

 

2. O‘zlashtirish va davomat:

 

Talabalarning fanlar bo‘yicha baholari hamda darslardagi ishtiroki.

 

3. Intizomiy choralar:

 

Talabalarga nisbatan qo‘llanilgan ogohlantirish yoki choralar qaydi.

 

4. Ijtimoiy holat:

 

Ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar bilan ishlash va ularning yashash joylariga (ijara/TTJ) tashriflar monitoringi.

 

5. Moliyaviy ko‘rsatkichlar:

 

Talabalarning shartnoma to‘lovlari holati (raqamlar ustiga bosilganda batafsil ro‘yxat shakllanadi).

 

6. Vazifalar nazorati:

 

Tizim orqali tyutorlarga yuklatilgan vazifalar va ularning ijro holati.

 

7. Faollik:

 

Tyutorlarning HEMIS tizimiga kirish va undan foydalanish chastotasi.

 

Muhim eslatma: kerakli hisobotlarni shakllantirish uchun sahifadagi tegishli filtrlardan (fakultet, guruh, tyutor ismi) foydalanish zarur. Mazkur tahliliy hisobotlar va monitoring ma’lumotlari yaqin kunlarda tyutorlarning o‘z profillarida ham aks etadi.

 

Talabalar uchun shaxsiy qaydnoma ochish funksionali 

 

HEMIS tizimida endi shaxsiy qaydnomalar faqat “Ta’lim buyruqlari” orqali rasman ruxsat berilgan talabalar uchungina shakllantiriladi.

 

Shaxsiy qaydnoma bilan ishlashning yangi tartibi:

 

1. Buyruqni rasmiylashtirish – dastlab Ta’lim buyruqlari bo‘limi orqali shaxsiy qaydnoma berish to‘g‘risida buyruq loyihasi tayyorlanadi, unga tegishli talabalar biriktiriladi va buyruq mas’ullar tomonidan imzolanadi;

 

2. Talabani tanlash – o‘zlashtirish/shaxsiy qaydnoma bo‘limiga kiriladi. Yangi qaydnoma qo‘shish sahifasida faqatgina yuqoridagi bosqichda buyrug‘i imzolangan va tasdiqlangan talabalar ro‘yxati ko‘rinadi;

 

3. Qaydnoma yaratish – ro‘yxatdan kerakli talaba tanlanadi va shaxsiy qaydnoma bilan ishlash jarayoni avvalgi tartibda davom ettiriladi.

 

Agar bir talaba uchun bir nechta alohida buyruq rasmiylashtirilgan bo‘lsa, talaba ismi ro‘yxatda bir necha bor chiqadi va har bir buyruq uchun alohida shaxsiy qaydnoma yaratish imkoni bo‘ladi.

 

Agar biror buyruq asosida talabaga allaqachon shaxsiy qaydnoma ochilgan bo‘lsa, tizim aynan shu buyruq bo‘yicha ikkinchi marta qaydnoma yaratishga ruxsat bermaydi.

 

Avvalroq, “HEMIS”ning 2026-yil 12-martdagi versiyaga QR-davomat va ijtimoiy faollik kabi funksiyalar qo‘shilgani haqida xabar bergan edik.