Pedagog va tarbiyachilar ishga tayinlanishidan avval maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak – Bolalar ombudsmani

Pedagog va tarbiyachilar ishga tayinlanishidan avval maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak – Bolalar ombudsmani

Navoiy shahrida tarbiyachi bolalarga qo‘pollik qilib, ularga qo‘l ko‘targani haqida xabar beregan edik. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani qo‘shimcha izoh berdi.

 

Izohga ko‘ra, holat Ombudsman nazoratiga olinib, IIV va MTMB tomonidan o‘rganilmoqda.

 

Aniqlanishicha, joriy yilning 8-aprel kuni Navoiy shahrida joylashgan xususiy bolalar bog‘chasida tarbiyachi E.N. (2003 yilda tug‘ilgan ayol) voyaga yetmagan bolalar D.S. M.Z. larga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, ularga jismoniy kuch ishlatgan.

 

Hozirda holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tarbiyachining nomaqbul harakatlariga huquqiy baho beriladi.

 

Bolaga nisbatan qo‘pol xatti-harakatlari fakti Viloyat MTMTB tomonidan o‘rganilib, tarbiyachi E.N bilan tuzilgan mehnat shartnoma bekor qilindi, muassasa faoliyati hozirda to‘xtatildi.

 

Mutasaddi idoralar bu kabi zo‘ravonlik holatlarni oldini olish bo‘yicha preventiv choralar va tizimli nazorat kuchaytirilishiga jiddiy e’tibor qaratishi zarur.

 

Jumladan, pedagog va tarbiyachilar tegishli vazifa yoki lavozimga tayinlanishidan avval maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak. Nomunosib xulqli, bola sog‘lig‘i uchun xavfli shaxslar ta’lim-tarbiya muassasalarida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas.

 

Chunki ta’lim muassasasi bola uchun tazyiq va qo‘rquv manbai emas, balki sog‘lom, xavfsiz va do‘stona muhit makoni bo‘lishi shart, – deyiladi Bolalar ombudsmani e’lon qilgan xabarda.