Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha tarbiyachisi bolalarni urgani aks etgan video tarqaldi. Videoda tarbiyachi ayol ikki nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisiga baqirgani, ularni urgani, tepgani va joyidan uloqtirib yuborganini ko‘rish mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu holat Navoiy shahridagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida kuzatilgan.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tarbiyalanuvchilarga nisbatan qo‘pol muomala qilgan hamda pedagogik etika va kasbiy me’yorlarga zid harakatlarga yo‘l qo‘ygan tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganini ma’lum qildi.
Shuningdek, mazkur holat aniqlangan ta’lim muassasasining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Boshqarma holat yuzasidan tegishli tartibda qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilishi hamda zarur choralar ko‘rilishini ta’kidlagan.
Bir necha kun avval Ohangaron shahrida tarbiyachi ayol bog‘cha bolalaridan biriga uxlamagani uchun qo‘l ko‘targani haqida xabar qilingan edi.
