OTMda talabalarning darsda ishtirok etmaganligini sababli qilish bo‘yicha mezonlar

OTMda talabalarning darsda ishtirok etmaganligini sababli qilish bo‘yicha mezonlar

Oliy ta’lim tashkilotlarida davomatni yuritish jarayonida talabalarning darsda ishtirok etmaganligini sababli qilish bo‘yicha aniq mezonlar belgilangan.

 

Tegishli hujjat topshirgan taqdirda ham “NB” qoʻyiladi. Hujjat orqali oʻsha “NB” sababli qilinadi.

 

Talaba darsga kirmaganini sabablarini aniq belgilash uchun quyidagi mezonlar amal qiladi:

 

1. O‘qishga vaqtincha layoqatsizlik (kasallik) sababli

 

095\x shakldagi tibbiy ma’lumotnoma — eng ko‘p muddati: 30 kungacha;

 

2. Nogironligi mavjud talabalarning mavsumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi sababli

 

Tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi ma’lumotnomasi — ko‘rikdan o‘tish muddati davomida;

 

3. Talabaning nikoh to‘yi sababli

 

Nikoh to‘yidan oldin bergan ariza va nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma — 10 kungacha;

 

4. Yaqin (birinchi darajali) qarindoshining to‘yi yoki vafoti sababli

 

Talaba arizasi + asoslovchi hujjat — 5 kungacha;

 

5. Homiladorlik davrining og‘ir kechishi, tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi ta’til sababli

 

Talaba doimiy ro‘yxatdan o‘tgan tibbiy muassasa ma’lumotnomasi yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma — 30 kungacha;

 

6. Turli xil musobaqalar va tadbirlarda ishtirok etishi sababli

 

Vazirlik yoki oliy ta’lim muassasasining tegishli buyrug‘i — Tadbir muddati davomida, 30 kundan oshmagan holda;

 

7. Tabiiy ofatlar yoki baxtsiz hodisalar sababli

 

Tegishli idoralar ma’lumotnomasi — ma’lumotnomada belgilangan muddatga ko‘ra, 30 kundan oshmagan holda;

 

8. Xorijlik talabalar vizasi muddati tugashi sababli

 

Pasport nusxasi va xalqaro bo‘lim bildirgisi — viza olish muddati davomida, 30 kundan oshmagan holda.

 

Bundan boshqa barcha holatlarda nima olib kelishingizdan qatʼi nazar sababsiz hisoblanadi.

 

Eslatma:

  • qoldirilgan darslar bir semestr davomida 30 kundan oshsa, sababidan qat’i nazar, talaba akademik ta’tilga chiqariladi yoki talabalar safidan chetlashtiriladi;

 

  • sababli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan kunidan 10 kun ichida topshirilishi shart.

 

Avvalroq, talabalar oliy ta’lim muassasasidan chetlashtirilishiga sabab bo‘luvchi omillar haqida ma’lumot berilgan edi.

 

Shuningdek, HEMIS tizimining 2026-yil 10-apreldagi yangi versiyasi (v1.8.6) foydalanishga topshirilgani haqida xabar bergan edik. Yangilanishlardan biri endi yakshanba kuniga ham dars qo‘yish mumkin.