Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga vaqtincha vazifa bajaruvchisi etib Raximjonov Jamshid Rafiqjon o‘g‘li tayinlangani aytilmoqda. U hozirgacha Toshkent shahar MMTB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar MMTB boshlig‘i Yuldasheva Iroda Saloxutdinovna Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ishga o‘tgani munosabati bilan lavozimidan ozod qilingan. Uning o‘rniga, vazifa bajaruvchisi etib Raximjonov Jamshid Rafiqjon o‘g‘li tayinlangan.
Jamshid Raximjonov 1989-yilda Andijon viloyati, Marhamat tumanida tug‘ilgan. 2013-yilda O‘zbekiston Milliy universitetini, 2021-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasini tamomlagan.
Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – psixolog. 2019-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Ish faoliyati
U 2013–2016-yillarda O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Toshkent shahar kengashida bosh mutaxassis sifatida, 2016–2024-yillar davomida mazkur jamiyatning Toshkent shahar mintaqaviy bo‘limida rais o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
2019–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida tahsil olib, magistratura bosqichini tamomlagan.
2024–2025-yillarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Soha infratuzilmasini rivojlantirish departamenti tarkibidagi davlat-xususiy sheriklikni muvofiqlashtirish boshqarmasida bosh mutaxassis sifatida faoliyat yuritgan.
2025-yildan hozirgi vaqtga qadar Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
