Sport yo‘nalishidagi oliygohlarning talabalari dual ta’lim asosida murabbiylikka yo‘naltiriladi

Sport yo‘nalishidagi oliygohlarning talabalari dual ta’lim asosida murabbiylikka yo‘naltiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida sport yo‘nalishidagi oliygohlarning talabalari dual ta’lim asosida murabbiylik faoliyatiga jalb etilishi belgilandi.

 

Unga ko‘ra, sport yo‘nalishidagi oliygohlarning 2- va 3-kurs talabalarining yarmini, 4-kursdagilarning esa barchasini dual ta’lim bilan qamrab olinib, murabbiylik qilish uchun to‘garaklarga yo‘naltiriladi.

 

Bunday talabalarga avtomatik ravishda murabbiylik sertifikati berilishi belgilandi.

 

Talabalar haftada uch kun oliygohda tahsil olsa, qolgan kunlarda o‘zi biriktirilgan maktablardagi to‘garakka borib, yoshlarni shug‘ullantiradi.

 

Sport to‘garaklaridagi tushumning 50 foizi murabbiy-talabaning o‘ziga beriladi.

 

Bundan tashqari, dual ta’lim tizimini tamomlagan bitiruvchilarga diplom bilan birga hakamlik sertifikatini berish ham yo‘lga qo‘yiladi.

 

Shuningdek, yig‘ilishda poytaxtdagi 7 ta oliy sport mahorati maktabi tugatilib, ularning o‘rniga Olimpiya shaharchasida “Olimpiya terma jamoalari markazi” tashkil etilishi qayd etildi. Hududlardagi 56 ta ixtisoslashgan sport maktabi ham markazning boshqaruviga o‘tkaziladi.

 

Avvalroq, yutuqlarga erishgan sport maktablari qo‘shimcha yana 500 million so‘mdan mukofotlanishi haqida xabar bergan edik.