“Yashirin xazina” metodik o‘yini: bolalarda kuzatuvchanlik va jamoaviylikni rivojlantirish usuli

“Yashirin xazina” metodik o‘yini: bolalarda kuzatuvchanlik va jamoaviylikni rivojlantirish usuli

Ayni paytda ta’limda o‘quvchilarning faqat nazariy bilimlarini emas, balki amaliy ko‘nikmalari, jamoada ishlash qobiliyati va muammolarni hal etish salohiyatini rivojlantirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan, interfaol metodlar orasida “Yashirin xazina” o‘yini o‘zining samaradorligi va qiziqarli tashkil etilishi bilan ajralib turadi.

 

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan e’lon qilingan tavsiyaviy maqolada “Yashirin xazina” metodik o‘yini — o‘quvchilarning bilimini mustahkamlash bilan birga, ularning shaxsiy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qiladigan samarali pedagogik vositaligi ta’kidlangan.

 

Mazkur metodik o‘yin bolalarda kuzatuvchanlik, tez fikrlash, hamkorlikda ishlash va tabiatni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, u yillik mavzular yakunida yoki bahor faslida ochiq havoda tashkil etilganda yanada samarali va zavqli kechadi.

 

O‘yinning mazmuni va tashkil etilishi

 

“Yashirin xazina” o‘yini odatda ochiq maydonlarda — maktab hovlisi yoki bog‘ hududida o‘tkaziladi. O‘yin jarayonida o‘quvchilarga oldindan tayyorlangan ro‘yxat asosida turli obyektlarni topish vazifasi yuklanadi.

 

Ro‘yxatni rasmli va mavzuga mos shaklda tayyorlash tavsiya etiladi. Masalan, “Bahor”, “Tabiat” yoki “Ranglar” kabi mavzular asosida tuzilgan topshiriqlar bolalar uchun yanada qiziqarli bo‘ladi.

 

O‘yin qoidalari

 

O‘yin boshlanishida o‘quvchilarga topishlari kerak bo‘lgan obyektlar ro‘yxati tarqatiladi. So‘ngra ular belgilangan vaqt ichida ushbu obyektlarni topib, maxsus joyga olib kelishlari kerak bo‘ladi.

 

Jarayon quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

 

  • o‘quvchilarga ro‘yxat taqdim etiladi va o‘yin boshlanadi;
  • o‘quvchilar obyektlarni izlab topadi va belgilangan joyga yig‘adi;
  • o‘yin uchun ma’lum vaqt (masalan, 20 daqiqa) belgilanadi;
  • barcha obyektlarni birinchi bo‘lib to‘plagan guruh g‘olib deb topiladi.

 

O‘yinni guruhlar o‘rtasida musobaqa tarzida tashkil etish bolalarning faolligini va qiziqishini yanada oshiradi. Shuningdek, jarayon davomida ijobiy rag‘batlantirish ham muhim ahamiyatga ega.

 

Rivojlantiruvchi ahamiyati

 

Mazkur o‘yin orqali o‘quvchilarda quyidagi ko‘nikmalar shakllanadi:

 

  • kuzatuvchanlik va diqqatni jamlash;
  • jamoada ishlash va hamkorlik;
  • tezkor fikrlash va muammoni hal qilish;
  • tabiatga nisbatan qiziqish va e’tibor.

 

Shu bilan birga, o‘yin bolalarning emotsional holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ularning dars jarayoniga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.

 

Xavfsizlik choralari

 

O‘yin jarayonida bolalarning xavfsizligini ta’minlash muhim hisoblanadi. Shu bois quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish lozim:

 

  • o‘yin davomida bolalarni nazorat qiluvchi mas’ul kattalarni tayinlash;
  • o‘yin hududining aniq chegaralarini belgilash;
  • sog‘liq holati (allergiya va boshqa omillar)ni inobatga olish;
  • zarur bo‘lsa, birlamchi tibbiy yordam vositalarini tayyorlab qo‘yish.

 

Muallif: Gulnoz Xodjayeva

 

Avvalroq, do‘stlik va emotsional intellektni rivojlantirishga xizmat qiladigan samarali mashg‘ulotlar bo‘yicha tavsiyaviy material chiqarilgan edi.