Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani Avliyo qishlog‘idagi 33-maktabning 11-A sinf o‘quvchisi Berdiqulova Marjona To‘lqinjon qizi bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Mazkur natijalar unga muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini bermoqda.
U kelgusida Jizzax davlat pedagogika universitetiga pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan imtihonga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi.
“Men bu darajaga ota-onamning duolari bilan erishdim”
Marjona sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfda paydo bo‘lganini aytadi. U CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B hamda tarix fanidan C darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
“10-sinflik vaqtimda boshlaganman, tayyorgarlik jarayoni ancha qiyin kechdi. Ammo ota-onamning qo‘llab-quvvatlashlari menga yordam berdi. Men bu darajaga qattiq mehnat orqali emas, ota-onamning duolari orqali erishdim desam adashmagan bo‘laman.”
“Ingliz tilidan 6 oyda ikki marta B2 sertifikat oldim”
U har bir fan bo‘yicha tayyorgarlik muddatlari haqida ham to‘xtaldi.
“Ingliz tilidan 6 oyda 2 marotaba B2 sertifikat oldim. Qolgan fanlardan esa 1 oy ichida tayyorlanib olganman.”
O‘quvchi tayyorgarlik davomida faqat repetitorga emas, balki o‘zi mustaqil tayyorlanib ham sertifikat olganini aytadi.
“Ingliz tilidan oflayn tarzda o‘qituvchi bilan tayyorlandim. Ona tilini opam o‘rgatgan. Tarixdan esa mustaqil ravishda tayyorlanganman.”
“Savollarni qiyinlik darajasi o‘rtacha edi”
Marjona darslardan charchagan vaqti oila a’zolaridan motivatsiya olganini bildirdi. Shuningdek, u imtihon savollari haqida ham fikr bildirdi:
“To‘g‘risi, savollarning qiyinlik darajasi o‘rtacha edi, qiyinlik qilmadi.”
Tayyorgarlik jarayonida vaqtni boshqarish va intizom muhim rol o‘ynagan.
“Ayni paytda sertifikatga tayyorlanayotgan ko‘p o‘quvchilar meni yaxshi tushunishadi. Men ham kuniga 2–3 soat uxlardim. Bunday vaqtda qo‘llab-quvvatlovchi inson kerak. Menda o‘qituvchilarim, ayniqsa ota-onamning yordamlari orqali hammasiga ulgurdim. Ular meni doim qo‘llab turishgan.”
Shuningdek, Marjona sertifikatga tayyorgarlik vaqtida muhim bo‘lgan mavzularni o‘qish va test jarayonida hayajonlanmaslik tarafdori.
“Mening asosiy darslarim telefonda edi. Oila a’zolarim buni tushunib qarshilik qilishmagan, ammo muntazam nazorat qilishgan.”
“Hozir o‘zim ham dars bermoqdaman”
Hozirda Marjona o‘z ustida ishlash bilan birga boshqalarga ham bilim ulashmoqda.
“Hozir ingliz tili va ona tilidan onlayn dars bermoqdaman.”
Marjonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi O‘tkirbek Farmonov muddatidan oldin talaba bo‘lish imkonini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
