OTMlar muassisligida “spin-off” korxonalarini tashkil etishga ruxsat berildi

OTMlar muassisligida “spin-off” korxonalarini tashkil etishga ruxsat berildi

Prezidentning “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 4-apreldagi PF–54-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq endi oliy ta’lim va ilmiy muassasalar muassisligida xo‘jalik jamiyati shaklida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalarini tashkil etish mumkin.

 

Unga koʻra, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning yangi ishlanmalari asosida ishlab chiqarishni tashkil etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

 

– oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

 

– ilmiy tadqiqot natijalarining texnologik transferi tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning tadbirkorlik muhitiga moslashuvchanligini oshirish;

 

– ilmiy hajmdor va innovatsion mahsulotlar (tovar va xizmatlar) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

 

– yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish natijasida olinadigan daromadlarini oshirish.

 

Shuningdek, farmon bilan oliy ta’lim va ilmiy muassasalar muassisligida xo‘jalik jamiyati shaklida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalarini tashkil etishga ruxsat berildi.

 

Bunda, 2026-yil 1-maydan boshlab korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda:

 

  • korxonalar ustav fondining kamida 25 foizi muassislarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi;

 

  • korxonalar ustav fondidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida muassislarga beriladi va 5 yil muddat davomida uni xususiylashtirish man etiladi;

 

  • korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularning ustav fondidagi davlat ulushi miqdorini o‘zgartirishda tegishli tashkilotlarning ruxsatini olish talab etilmaydi;

 

  • korxonalarning ustav fondini venchur fondlar, chet ellik yoki mahalliy investorlar mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirishga ruxsat beriladi;

 

  • korxonalar muassislarning Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil etilganda, u qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda venchur moliyalashtirishga tenglashtiriladi.