Olis va chekka hududlarda ochiladigan til markazlari uchun ssuda 30 yoshdan oshganlarga ham beriladi

Olis va chekka hududlarda ochiladigan til markazlari uchun ssuda 30 yoshdan oshganlarga ham beriladi

Yangicha “spin-off” korxonalarida professor-o‘qituvchilar, talaba va izlanuvchilar ham faoliyat yuritadi. Shuningdek, mazkur Farmon bilan kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega yoshlarga olis va chekka hududlarda xorijiy tillarga o‘qitish markazlarini ochish uchun beriladigan ssuda 30 yoshdan oshgan shaxslarga ham berilishi belgilandi.

 

Xabaringiz bor, Prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi PQ–59-son qaroriga asosan olis va chekka hududlarda xorijiy tillarga o‘qitish markazlarini ochmoqchi bo‘lgan yosh fuqarolarga 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 320 baravari miqdorida foizsiz qarz (ssuda) ajratilar edi. Endi olis va chekka hududlarda ochiladigan til markazlari uchun ssuda 30 yoshdan oshganlarga ham beriladi.

 

Prezidentning 2026-yil 4-apreldagi PF–54-son Farmoniga muvofiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari reyestrini yuritadi.

 

Bunda:

 

  • patent natijasida yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni (xizmat ko‘rsatishni) yo‘lga qo‘ygan korxonalar hamda ularning xodimlariga Prezident Farmonida ko‘zda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar beriladi;
  • patentsiz yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha bo‘lgan davr uchun foyda solig‘ini 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘laydi;
  • korxonalarning yangi ishlanmaga muvofiq ishlab chiqarilgan hamda Reyestrda qayd etilgan tovar yoki xizmatlarini sotib olish bo‘yicha savdo xaridlari Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portali orqali amalga oshiriladi;
  • korxonalar tomonidan amalga oshiriladigan ilmiy izlanish, innovatsion, tijoratlashtirish loyihalari va to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilinadigan investitsiyalari ushbu korxonani tashkil etgan muassislarning asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari sifatida tan olinadi.

 

2026-yil 1-maydan:

 

– olimlar va tadbirkorlar tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida yaratilgan ishlanmalar boʻyicha tajriba-sinov ishlari uchun ketadigan xarajatlarning bir qismi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi;

 

– xorijiy tillar boʻyicha kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega yoshlarga olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan oʻquv markazlarini ochish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda berish tartibi 30 yoshdan oshgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.

 

Shuningdek, korxonalar faoliyat davrida:

 

  • korxonalarda muassisning professor-o‘qituvchilari (ilmiy xodimlari) yoki talaba, izlanuvchilari ham faoliyat ko‘rsatishi talab etiladi;
  • korxonaga investorlar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlar bo‘yicha vakolatli davlat organining xulosasi talab etilmaydi;
  • korxonalarning sof foydasini davlat ulushi bo‘yicha dividendga yo‘naltirmasdan, vakolatli organlar ruxsatisiz korxonaning ustav fondidagi davlat ulushini oshirish orqali reinvestitsiya qilishga ruxsat etiladi;
  • korxonalar istiqbolsiz, faoliyat ko‘rsatmayotgan, zarar ko‘rib ishlayotgan va past rentabelli korxonalar sifatida tugatilmaydi;
  • investitsiya davri yakunida korxonalardagi davlat ulushi bozor qiymatida korxonalarning boshqa ishtirokchilariga sotib olish uchun taklif etiladi, ular tomonidan rad etilgan taqdirda ushbu qiymatda ommaviy savdolarga qo‘yiladi.

 

2026-yil 1-maydan boshlab quyidagilarga ruxsat beriladi:

 

  • muassislarga o‘zining bo‘sh turgan bino va inshootlarini investitsiya davrida tekin foydalanish huquqi asosida korxonalarga berish;
  • muassislarning bo‘sh turgan yer uchastkalarida korxonaga 5 yilgacha muddatga ijaraga berish orqali yengil konstruksiyali, buzib olib ko‘chirish imkoniyati mavjud bo‘lgan obyektlarni qurish;
  • muassislarga o‘zining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan korxonalarni muayyan muddatda qaytarish sharti bilan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash.

 

Avvalroq, mazkur Farmonga muvofiq oliy ta’lim va ilmiy muassasalar muassisligida “spin-off” korxonalarini tashkil etishga ruxsat berilgani haqida xabar bergan edik.