Pedagoglar uchun bo‘lib o‘tadigan malaka toifa sinovlarida test topshiriqlarini bajarish uchun har bir fan o‘qituvchilariga vaqt meʼyorlari belgilangan.
Avvalroq, 2026-yil yanvar–iyun oylarida o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasining birinchi va ikkinchi bosqichlari uchun mutaxassislik fani, kasbiy standartlar hamda pedagogik mahoratni baholash boʻyicha tavsiyalar (spetsifikatsiyalar) va adabiyotlar roʻyxati tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.
Unga koʻra, maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagoglari uchun:
1-bosqichda: mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha 40 ta (35 ta fandan + 5 ta kasbiy standartdan) test topshirigʻi;
2-bosqichda: pedagogik mahoratni aniqlash boʻyicha 10 ta test topshirigʻi beriladi (jismoniy tarbiya va musiqa madaniyati oʻqituvchilari bundan mustasno).
Har bir toʻgʻri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanib, jami 100 ball toʻplash imkoniyati beriladi.
Test topshiriqlarini bajarish uchun ajratilgan vaqt meʼyorlari:
| Fan o‘qituvchilari | Ajratilgan vaqt |
|---|---|
| Boshlang‘ich ta’lim (barcha tillar uchun) | 120 daqiqa |
| Biologiya, Kimyo, Fizika, Matematika, Informatika va axborot texnologiyalari | 120 daqiqa |
| Ona tili va adabiyot, Davlat tili, Rus tili va adabiyoti, Qoraqalpoq, Qozoq, Qirg‘iz, Tojik, Turkman tillari va adabiyoti | 105 daqiqa |
| Ingliz tili, Nemis tili, Fransuz tili, Koreys tili, Yapon tili, Xitoy tili, Hind tili | 105 daqiqa |
| Tarix, Tarbiya, Davlat va huquq asoslari, Geografiya, Iqtisodiy bilim asoslari | 90 daqiqa |
| Tasviriy san’at va chizmachilik, Texnologiya, Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik | 90 daqiqa |
| Psixolog, Defektolog-pedagog, Logoped-pedagog | 90 daqiqa |
| Jismoniy tarbiya va musiqa madaniyati (1-bosqich, 40 ta test) | 90 daqiqa |
| MTT xodimlari (Direktor o‘rinbosari, psixolog, musiqa rahbari, tarbiyachi, jismoniy tarbiya yo‘riqchisi, logoped) | 90 daqiqa |
| Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ta’lim tashkilotlari pedagoglari (2 bosqich pedagogik mahorat bo‘yicha 10 ta savol) | 20 daqiqa |
