Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug‘i bilan ‘‘Oliy taʼlim tashkilotlari magistratura mutaxassisliklari talabalari tomonidan stajirovkani oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom’’ ga bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, stajirovka bilan bog‘liq ayrim hujjatlar va hisobotlar faqat yozma shaklda emas, balki elektron shaklda ham topshirilishi mumkin.
Shuningdek, baholash mezonlari aniq belgilandi. Bunda, stajirovka bo‘yicha hisobot himoyasida 60 va undan kam ball to‘plagan talabaning natijasi “qoniqarsiz” deb hisoblanadi.
Shu bilan birga, stajirovka natijalaridan norozi bo‘lgan magistratura talabasi natijalar e’lon qilingan kundan boshlab bir oy muddat ichida apellatsiya shikoyati berishi mumkin.
Apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun oliy ta’lim muassasasida kamida besh nafar mutaxassisdan iborat maxsus Apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi murojaatni kelib tushgan kundan boshlab besh kun ichida ko‘rib chiqadi. Talaba ushbu jarayonda shaxsan ishtirok etishi mumkin.
Ko‘rib chiqish davomida talabaga qayta baholash maqsadida qo‘shimcha savollar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ko‘rib chiqish yakunida komissiya natijani o‘zgarishsiz qoldirish yoki uni o‘zgartirib, talabani stajirovkadan o‘tgan deb topish qarorlardan birini qabul qiladi. Qabul qilingan qaror o‘sha kunning o‘zida talabaga ma’lum qilinadi.
Bundan tashqari, talaba apellyatsiya komissiyasi qaroridan ham norozi bo‘lsa, yuqori turuvchi organlarga yoki sudga murojaat qilishi ham mumkin.
