Favqulodda vaziyatlar sohasida kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilanadi. Prezident qarori bilan ta’lim jarayoniga “2+2” modeli, dual ta’lim va uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi joriy etilishi belgilandi. Yangi tartiblar malakali mutaxassislar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etishga qaratilgan.
“Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–123-son, 03.04.2026-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, tizimning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari ham aniq belgilab berilgan. Xususan, tayanch oliy ma’lumotli mutaxassislar va magistrlar tayyorlash hajmi ikki baravarga oshiriladi, besh yilda sohadagi zamonaviy kadrlar ulushi 50 foizga yetkaziladi. Professional qutqaruvchilar safi uch karra oshirilib, besh yilda tizim to‘liq qamrab olinadi. Uch yil ichida ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati kamida 60 foizga yetkazilishi, shuningdek, 4 mingdan ortiq rahbar va mas’ul mutaxassis qayta tayyorlanishi nazarda tutilgan. Har yili tuman va shaharlardagi 35 ming nafar rahbar, mas’ul mutaxassis hamda mahalla tizimi vakillari hayot faoliyati xavfsizligi bo‘yicha o‘qitiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan esa xorijiy davlatlar favqulodda vaziyatlar organlari kadrlari uchun ham ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Akademiya tarkibi qayta quriladi
Prezident Farmoni (PF–5706-son) asosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi (Akademiya) tashkil etilgan edi.
Hujjat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi tizimi ham yangidan shakllantirilmoqda. Mavjud Fuqaro muhofazasi instituti va Boshlang‘ich tayyorgarlik hamda malaka oshirish markazi negizida Akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti hamda Malaka oshirish markazi qayta tashkil etiladi. Bundan tashqari, yagona ta’lim kampusi doirasida qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi va xorijiy kadrlarni tayyorlash fakulteti tashkil etiladi. 2026–2028-yillarda esa Akademiya boshlig‘ining ilm-fan, texnologiya, innovatsiya va sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilib, unga xorijdan ekspert-menejer jalb qilinadi.
“2+2” ta’lim modeli va yangi qabul tartibi
Akademiyada 2027/2028-o‘quv yilidan tajriba-sinov tariqasida “2+2” ta’lim shakli joriy etiladi. Bu modelga ko‘ra, ikki yillik harbiy bakalavriat yo‘nalishlariga oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi bosqichni tamomlagan talabalar orasidan maxsus kasbiy tanlov asosida davlat grantiga qabul qilinadi. Shu bilan birga, Akademiyada belgilangan kvotalar asosida to‘rt yillik va ikkinchi oliy ta’lim uchun uch yillik kunduzgi, kechki hamda masofaviy ta’lim shakllariga ham qabul amalga oshiriladi. Umumfuqaroviy bakalavriatda kunduzgi shaklda o‘qiyotgan talabalar ham ikkinchi bosqichdan so‘ng harbiy bakalavr yo‘nalishlariga o‘tish imkoniga ega bo‘ladi. Yirik iqtisodiyot va xavfli ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritayotgan fuqaro muhofazasi mutaxassislari esa tashkilotlar buyurtmasiga asosan maxsus tanlovsiz, to‘lov-shartnoma asosida imtiyozli qabul qilinishi mumkin.
Alohida band bilan 2022–2023-yillarda Akademiyaga “Yong‘in xavfsizligi” va “Texnosfera xavfsizligi” mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilingan kursantlarning o‘qish muddati to‘rt yil etib belgilanadi va ularga davlat namunasidagi bakalavr diplomi beriladi. Shuningdek, 2020–2025-yillarda bir bosqichli tizim bo‘yicha bitirganlarga berilgan diplomlar hamda 2021-yilda qabul qilingan kursantlarga beriladigan diplomlar magistr darajasiga tenglashtiriladi.
Dual ta’lim va uzluksiz o‘quv-karera tizimi yo‘lga qo‘yiladi
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Akademiyada kasbiy va bakalavriat yo‘nalishlarida mutaxassislik fanlari bo‘yicha dual ta’lim joriy qilinadi. Unga ko‘ra, talaba va kursantlar haftasiga kamida ikki kun nazariy bilimni Akademiyada, qolgan kunlari esa sanoat, energetika va ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot orqali o‘zlashtiradi. 2026-yil 1-avgustga qadar Akademiyada korxonalar maketlari, simulyatsiya modellar, virtual poligonlar, texnologik qurilmalar va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan Innovatsion dual ta’lim markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, favqulodda vaziyatlar organlarida uzluksiz o‘quv-karera tizimi ham joriy etiladi. 2027-yil 1-sentabrdan harbiy unvon berish va oddiy askar hamda serjantlar tarkibidan ofitserlik lavozimlariga tayinlashning asosiy talablaridan biri qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘tish bo‘ladi. 2030-yil 1-sentabrdan esa tizimdagi rahbar lavozimlarga tayinlash uchun Akademiya yoki mahalliy va xorijiy OTMlar magistraturasida o‘qigan bo‘lish talabi belgilanadi.
Atom energetikasi, ilmiy tadqiqot va xorijiy hamkorlik kengayadi
Qaror bilan 2027/2028-o‘quv yilidan atom energetikasi sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi. Bunda professor-o‘qituvchilarni ilg‘or xorijiy ta’lim va ilmiy markazlarda qayta tayyorlash, talabalar va kursantlarni xorijda o‘qitish hamda amaliyot o‘tash uchun yuborish nazarda tutilgan.
Akademiya huzurida Favqulodda vaziyatlar vaziri rahbarligida Ilmiy ishlarni rivojlantirish idoralararo kengashi faoliyat yuritadi. Shuningdek, transport, neft-kimyo, tog‘-kon, elektrotexnika, energetika, qurilish, gidrotexnika, ishlab chiqarish, geologiya, gidrometeorologiya, ekologiya, sanitariya va veterinariya kabi yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot sektorlarini tashkil etish belgilangan. Bu sektorlar doirasida ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlari buyurtmalar asosida mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Qarorga muvofiq, xorijdan jalb qilinadigan ekspertlar va o‘qituvchilarga mehnat faoliyati uchun ruxsatnoma, ko‘p martalik vizalar hamda ro‘yxatdan o‘tish va muddatni uzaytirish jarayonlari belgilangan tartibda yengillashtiriladi. Xorijiy talabalar, maslahatchilar va ularning oila a’zolari uchun ham kirish vizalari konsullik va boshqa yig‘imlarsiz rasmiylashtiriladi.
Yangi yo‘nalishlar va texnikum ochiladi
Qarorga ilovalarda Akademiyaning bakalavriat, magistratura va texnikum yo‘nalishlari ham tasdiqlangan. “2+2” modeli bo‘yicha qabul qilinadigan yo‘nalishlar orasida meteorologiya va iqlimshunoslik, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, kimyo, gidrologiya, kimyo muhandisligi, biotexnologiya, energetika muhandisligi, elektr muhandisligi, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, transport vositalari muhandisligi, arxitektura, gidrotexnika va geotexnika muhandisligi, hayot faoliyati xavfsizligi, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, favqulodda vaziyatlarda xavfsizlik, yong‘in xavfsizligi hamda texnosfera xavfsizligi kabi yo‘nalishlar bor. Magistratura ro‘yxatiga esa davlat va harbiy boshqaruv, favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligi, radiatsion xavfsizlik, ekologiya, kimyoviy texnologiya va boshqa mutaxassisliklar kiritilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzurida Qutqaruvchilar tayyorlash texnikumi tashkil etiladi. Ushbu texnikumda qutqaruvchi-yong‘in o‘chiruvchi, qutqaruvchi-haydovchi mexanik, suv obyektlarida qidiruv-qutqaruv ishlari mutaxassisi, radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza yo‘nalishlari hamda uchuvchisiz uchish apparatlari tizimlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Mazkur ta’lim muassasasi amaliy ko‘nikmaga yo‘naltirilgan o‘quv jarayoni orqali favqulodda vaziyatlarda tezkor va professional harakat qila oladigan mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
O‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash va yangi kampus
Akademiyaning shartnoma asosidagi xizmatlari va to‘lov-kontraktdan tushadigan mablag‘lari budjetdan tashqari jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘larning kamida 30 foizi malakali mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishga sarflanadi. Soatbay haq evaziga dars berishga jalb etilgan mutaxassislarning asosiy ish joyidagi ish haqi ham to‘liq saqlab qolinadi.
Akademiya uchun yangi o‘quv kampusi quriladi. Qarorga ko‘ra, Yangi Toshkent shahri hududidan 6 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi. Shuningdek, Toshkent shahar Yangiҳаёт tumanidagi 11,2 gektar hududda joylashgan bino va inshootlarni sotishdan tushgan mablag‘lar hamda boshqa manbalar hisobidan yangi kampusni loyihalash va qurish ishlari moliyalashtiriladi. Buyurtmachi etib “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” davlat muassasasi belgilanadi.
Avvalroq, Akademiyaga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilangan edi.
