Toshkentda “Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi” tashkil etiladi

Toshkentda “Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi”  tashkil etiladi

Toshkentda YUNESKO homiyligidagi II toifali “Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi” tashkil etiladi. Bu bo’yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova YUNESKO tashkiloti bosh direktori Hoshim Al-Anani bilan bitim imzoladi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Parij shahrida YUNESKO tashkiloti bosh direktori Hoshim Al-Anani bilan uchrashdi. Uchrashuvda “Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi”ni tashkil etishga kelishildi.

 

Ushbu tashabbus 2025-yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan edi.

 

Osiyo va Tinch okeani mintaqasida ilk bora tashkil etilayotgan ushbu markaz maktabgacha ta’lim sohasidagi islohotlarni xalqaro tajriba va ekspertiza bilan qo‘llab-quvvatlaydi, O‘zbekistonni erta yoshdagi ta’lim sohasida mintaqaviy “xab” sifatida shakllantiradi. Shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 4.2-maqsadi (barcha bolalar uchun sifatli erta rivojlanish va tayyorlov ta’limi) ijrosini jadallashtiradi.