Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida maktabning 4-sinf o‘quvchisi matematika fanidan ‘‘B’’ darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritdi. Boltayev Elshod 81-maktabning 4-sinfida tahsil oladi.
O‘quvchi o‘rta oilada ulg‘aygan, oilasi uni doim qo‘llab-quvvatlagan. Bu haqida Elshodning o‘zi Talimxabarlari.uz ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
‘‘Sertifikat olish g‘oyasi qayerdan kelgan?’’ degan savolimizga o‘quvchi quyidagicha javob berdi:
Sertifikat olish g‘oyasini menga ustozim maslahat bergan. U kishining ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi meni bu yo‘lda harakat qilishga undadi, – deydi u.
Keyingi savol oilaviy muhit haqida bo‘ldi.
Men oddiy, o‘rtacha oilada ulg‘ayganman. Oilam doim meni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘qishimga katta e’tibor beradi, – deb javob berdi o‘quvchi.
Tayyorlov jarayonlari haqida so‘raganimizda, u shunday javob berdi:
Ushbu sertifikatim uchun taxminan 7 oy davomida muntazam tayyorlandim. Eng asosiy usulim — hech qachon harakatdan to‘xtamaslik. Doimiylik va sabr meni oldinga olib chiqdi, – deydi Elshod.
Keyingi savolda maktabdagi darslar va tayyorlov muvozanati haqida so‘radik.
Dastlab biroz qiyin bo‘ldi, lekin vaqtni to‘g‘ri taqsimlash orqali barchasini muvozanatda olib bora oldim. Albatta, har qanday yutuq ortida qiyinchilik bo‘ladi. Hech narsaga oson erishib bo‘lmaydi, lekin mehnat bilan hammasi mumkin, – deydi o‘quvchi.
Suhbat yakunida o‘quvchi keyingi maqsadlari va tengdoshlariga maslahati haqida so‘zladi.
Sertifikatdan 90+ natija olish va xalqaro olimpiadalarda 1-o‘rinni egallash. Kelajakda nufuzli xalqaro universitetda o‘qib, o‘z sohamda kuchli mutaxassis bo‘lishni xohlayman. Hech qachon taslim bo‘lmang. Doimiy harakat va ishonch sizni albatta muvaffaqiyatga olib keladi, – deya so‘zini yakunladi u.
Xorazm viloyati, Urganch shahar 1-son IMI 11-sinf o‘quvchisi Otajonova Parizoda Jamolbek qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan edi. Kechagi maqolada ushbu o‘quvchi bilan suhbatni e’lon qilgan edik.
