2026-yilgi kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlari uchun murojaatlar qabuli boshlandi (jarayon haqida eng muhim ma’lumotlar)

2026-yilgi kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlari uchun murojaatlar qabuli boshlandi (jarayon haqida eng muhim ma’lumotlar)

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2026-yil 18-martdan 2026-yilgi kasbiy sertifikatlash nazorat sinovlarida qatnashish uchun murojaatlar qabuli boshlanganini ma’lum qildi.

 

Pedagoglar 18-aprelga qadar (shu kuni ham) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali hujjat topshirishlari mumkin.

 

Kasbiy sertifikatlashga kimlar jalb etiladi?

 

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi tegishli qaroriga muvofiq, davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchilar, stajyor-tarbiyachilar hamda tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar kasbiy sertifikatlashga jalb etiladi.

 

Shuningdek, nazorat sinovlarida quyidagi toifadagi pedagoglar ham ishtirok etishi mumkin:

 

— avval kasbiy sertifikatlashda qatnashib, undan o‘ta olmagan stajyor-o‘qituvchi, psixolog yoki mutaxassis lavozimidagi shaxslar;

 

— pedagoglar attestatsiyasidan o‘ta olmagan;

 

— mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb topilgan;

 

— egallab turgan lavozimiga muvofiq emas deb topilgan (o‘rta maxsus ma’lumotli) pedagog kadrlar.

 

Jarayonga kimlar jalb etilmaydi?

 

Quyidagilar kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydi:

 

– fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan pedagog kadrlar;

 

– magistr darajasiga ega mutaxassislar.

 

Kasbiy sertifikatlashga kimlar jalb etiladi?

 

Kasbiy sertifikatlashga jalb etiladiganlar

Pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchilar
Pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-tarbiyachilar
Tegishli toifaga ega bo‘lmagan pedagog kadrlar
Avval kasbiy sertifikatlashda qatnashib, undan o‘ta olmagan stajyor-o‘qituvchi, psixolog yoki mutaxassislar
Pedagoglar attestatsiyasidan o‘ta olmaganlar
Mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb topilganlar
Egallab turgan lavozimiga muvofiq emas deb topilgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar

Kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydiganlar

Fan nomzodi, PhD yoki DSc darajasiga ega pedagog kadrlar
Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent yoki professor ilmiy unvoniga ega pedagoglar
Magistr darajasiga ega mutaxassislar

 

Kasbiy sertifikatlash imtihonlari qanday tashkil etiladi?

 

Hukumat qarori bilan belgilangan reglamentga ko‘ra:

 

– pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi;

 

– kasbiy sertifikat olganidan so‘ng pedagoglar pedagogik faoliyatida besh va undan ko‘p yil davomida uzilishlar bo‘lgan faoliyatini qayta boshlagan vaqtdan boshlab bir yil davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi lozim;

 

– kasbiy sertifikat olish uchun nazorat sinovi qoida tariqasida, har yili mart–may oylarida test shaklida o‘tkaziladi;

 

– nazorat sinovi natijasi bo‘yicha 56 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor nazorat sinovidan o‘tgan hisoblanadi va elektron shakldagi sertifikat uning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

 

Nazorat sinovi 50 ta topshiriqdan iborat boʻladi. Har bir toʻgʻri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanib, nazorat sinovi uchun jami 100 ball beriladi.

 

Nazorat sinovi kompyuterda (onlayn platforma) viloyat markazlaridagi katta sigʻimli binolarda oʻtkaziladi.

 

Kasbiy sertifikatlashga oid namunaviy testlarni quyidagi botlar yordamida bepul bajarishingiz mumkin:

 

O’zbek tilida: 👉 https://t.me/uztditestbot

Rus tilida: 👉https://t.me/uztditest_rusbot

Qoraqalpoq tilida: 👉 https://t.me/uztdi_qrtestbot

 

Kimlardan to‘lov undiriladi?

 

Kasbiy sertifikat olish bo‘yicha nazorat sinovida birinchi marta ishtirok etayotgan talabgorlardan to‘lov undirilmaydi.

 

Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun esa talabgor bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari — 471 ming so‘m miqdorida to‘lov to‘laydi.

 

Agar davlat xizmati uchun ariza YIDXP (my.gov.uz) orqali yuborilsa, belgilangan to‘lovning 90 foizi, ya’ni 423 ming 900 so‘m undiriladi.

 

Davlat xizmatlari uchun to‘lov amalga oshirilgani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.

 

Uzrli sabab bilan qatnasha olmaganlar qayta ro‘yxatdan o‘tishi mumkinmi?

 

Nazorat sinovida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tib, uzrli sabablarga ko‘ra sinovda qatnasha olmagan talabgor tegishli hujjatlarni taqdim etgan holda nazorat sinovidan o‘tmagan hisoblanadi.

 

Bunday hollarda u keyingi tashkil etiladigan nazorat sinovida ishtirok etish uchun qaytadan ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.

 

Uzrli sabablarga ko‘ra nazorat sinovida qatnasha olmagan talabgordan navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etish uchun takroran to‘lov undirilmaydi.

 

Qanday holatlar uzrli sabab hisoblanadi?

 

Nazorat sinovlarida ishtirok etmaslik uchun quyidagi holatlar uzrli sabab sifatida e’tirof etiladi:

 

— vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik;

 

— davlat yoki jamoat vazifalarini bajarish;

 

— respublika yoki xalqaro musobaqalarda ishtirok etish;

 

— vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda bo‘lish;

 

— yaqin qarindoshining vafoti;

 

— vakolatli davlat organi yoki ta’lim tashkiloti rahbari ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan boshqa asoslar.

 

To‘lov bo‘yicha kimlarga chegirma beriladi?

 

Ijtimoiy reyestrning “kambag‘al oila” toifasiga kiritilgan oilalar a’zolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘lovning 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi.

 

Ijtimoiy reyestrning “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar a’zolariga esa belgilangan to‘lovning 75 foizi miqdorida chegirma beriladi.

 

Bunda chegirmalar quyidagi tartibda qo‘llaniladi:

 

— agar oila “davlat ta’minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” toifasidan “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga o‘tkazilgan bo‘lsa, ularga avval belgilangan toifa bo‘yicha chegirma saqlab qolinadi;

 

— og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga esa “kambag‘al oila” uchun belgilangan miqdorda chegirma qo‘llaniladi.

 

Shuningdek, davlat xizmati uchun ariza YIDXP orqali yuborilganda, talabgordan belgilangan to‘lov miqdorining 90 foizi undiriladi.

 

To‘langan mablag‘lar qanday taqsimlanadi?

 

Kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun to‘langan mablag‘lar murojaat usuliga qarab turlicha taqsimlanadi.

1-usul

Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilinganda

18%
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga
0,5%
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga
Qolgan qismi
Vazirlik huzuridagi Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi

2-usul

YIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tilganda

11,75%

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasidagi maxsus hisobvarag‘iga

Shundan 0,5% — Yagona billing tizimi orqali davlat xizmati ko‘rsatilganda
10%
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga
Qolgan qismi
Vazirlik huzuridagi Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobvarag‘iga o‘tkaziladi
Eslatma: Mablag‘larning taqsimlanishi murojaat qaysi kanal orqali yuborilganiga qarab farq qiladi. Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali topshirilgan arizalarda foizlar turlicha belgilanadi.