Karmanada hokim o‘qituvchilarni 1 soatga yaqin tik oyoqda ushlab turgan. Vazirlik bu holatni qoraladi

Karmanada hokim o‘qituvchilarni 1 soatga yaqin tik oyoqda ushlab turgan. Vazirlik bu holatni qoraladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Karmana tumanidagi 9-maktabning o‘qituvchilari hokim tomonidan 1 soat tik oyoqda turg‘izib qo‘yilgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Hokimlikka avtobusda olib ketilgan o‘qituvchilarning ko‘pchiligi ro‘zador bo‘lgan. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabat bildirdi.

 

Voqea quyidagicha: Karmana tumani hokimi Shohruh Boltaev tumandagi 9-maktab o‘quvchi va o‘qituvchilariga savollar berib, she’r aytishni so‘ragan. O‘quvchilar hayajon sabab javob bera olmagach, hokim maktabning 46 nafar o‘qituvchisini soat 17:00 da hokimlikka olib kelishni buyurgan.

 

O‘qituvchilar avtobusda 30 km yo‘l bosib kelgan va hokim ularni tik turgan holda qariyb bir soat majlisda ushlab turgan. U yerda ta’lim sifati tanqid qilingan, maktabda tekshiruv o‘tkazish topshirig‘i berilgan.

 

Hokim bu ishni “tumanda ta’lim sifatini oshirish uchun qildik” deb izohlagan. Hokimga ko‘ra, ushbu maktabda bir necha yildan buyon OTM ga kirish ko‘rsatgichi past bo‘lgan. O‘qituvchilar esa maktab natijalari yaxshi ekanini, bunday munosabat ularni xafa qilganini aytgan.

 

Ushbu holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Vazirlik hokimning iddaolarini rad etib, maktabda ta’lim sifati yaxshi ekanligini, shuningdek, mansabdor shaxslarning pedagoglar kasbiy faoliyatiga aralashishini qattiq qoralashini maʼlum qilgan.

 

Karmana tumani hokimligi binosida hududdagi 9-maktab oʻqituvchilari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilganligiga doir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻrganilmoqda.

 

Xabarda aytilganidek, maktab oʻquvchilari bilan uchrashgan tuman hokimi taʼlim sifati pastligi vajidan oʻqituvchilar ishtirokida majburiy yigʻilish oʻtkazgan. Unda maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi pastligi tanqid qilingan.

 

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, 2025-yilda Karmana tumanidagi 9-maktab bitiruvchilarining 61 foizi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan (tuman miqyosida 6-oʻrin). Oʻrtacha ball koʻrsatkichi 98,7 ballni tashkil etgan (2024-yilga nisbatan 8 ball oshgan).

 

Ayni vaqtda 39 nafar maktab bitiruvchilarining 38 nafari turli fan yoʻnalishlari boʻyicha milliy va xalqaro sertifikatlarga ega.

 

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunida pedagogning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻlishi alohida qayd etib qoʻyilgan.

 

Shuningdek, pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish hamda pedagogning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish qatʼiy taqiqlanishi belgilangan.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi pedagoglarning mazkur qonuniy huquq va manfaatlarini munosib himoya qilish, ularning kasbiy mavqei va ishchanlik obroʻsini saqlash boʻyicha barcha zarur ishlarni amalga oshirishini, shu bilan birga mansabdor shaxslarning pedagoglar kasbiy faoliyatiga aralashishini qattiq qoralashini maʼlum qilamiz. – deyiladi vazirlik munosabatida.