Matematika kuni har yili 14-mart kuni nishonlanadi. Bu sana matematika tarixidagi eng mashhur sonlardan biri bo‘lgan π (pi) soni bilan bog‘liq. π sonining qiymati taxminan 3.14 ga teng bo‘lgani uchun, 3-oyning 14-kuni matematika va ilm-fan ixlosmandlari tomonidan Matematika kuni sifatida nishonlanadi. Bu kun ko‘pincha Pi kuni deb ham ataladi.
Pi kuni birinchi marta 1988-yilda amerikalik fizik Larry Shaw tomonidan tashkil etilgan. U San Francisco Exploratorium ilmiy muzeyida ishlagan va shu yerda π soniga bag‘ishlangan kichik bayram uyushtirgan. Keyinchalik bu an’ana butun dunyoga tarqalgan.
2019-yilda esa UNESCO 14-mart sanasini rasmiy ravishda Xalqaro matematika kuni deb e’lon qilgan. Shu sababli bugungi kunda bu sana butun dunyoda matematikaning ahamiyatini targ‘ib qilish kuni sifatida keng nishonlanadi.
Bugungi kunda matematika nafaqat maktabdagi asosiy fanlardan biri, balki ko‘plab zamonaviy kasblarning ham poydevori hisoblanadi. Axborot texnologiyalari, muhandislik, iqtisodiyot hamda sun’iy intellekt kabi sohalarning rivoji ham matematik bilimlarga bevosita bog‘liq.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham matematika fanini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktablarda turli fan to‘garaklari tashkil etilib, o‘quvchilar matematikaga oid olimpiadalarda faol qatnashmoqda. Xususan, ular STEM olimpiadasi, Asosiy fan olimpiadasi, Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasi hamda Bolqon matematika olimpiadasi kabi tanlovlarda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda.
Shuningdek, pedagoglarni rag‘batlantirish maqsadida o‘qituvchilarning o‘z fani bo‘yicha sertifikat olishi ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Amaldagi tartibga ko‘ra, xalqaro tan olingan yoki xalqaro standartlarga mos milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga oylik maoshiga nisbatan 50 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Milliy sertifikati bor o‘qituvchilarga esa 20 foiz ustama beriladi.
Bundan tashqari, o‘quvchilar matematika fanidan milliy sertifikat imtihonlarida ham ishtirok etib, turli darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lishmoqda. Ushbu sertifikatlar orqali abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida olingan natijaga qarab proporsional yoki maksimal ball olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan bakalavriatga qabul qilish tartibiga muvofiq, SAT xalqaro imtihoni natijalari oliy ta’lim muassasalariga kirishda inobatga olinadi.
Nizomga ko‘ra, “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan Scholastic Aptitude Test (SAT) imtihonida maksimal ballning kamida 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natija qayd etgan abituriyentlar sertifikat berilgan fanlar (matematika va ingliz tili fanlari) kirish imtihonlari tarkibiga mos keladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
