Navoiy viloyati Karmana tumani maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi tasarrufidagi 21-umumta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Kamronbek G‘ulomov 5 ta fan bo‘yicha milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. U 189 ball natija imtihonlarsiz oʻzi tanlagan oliygohga davlat granti asosida oʻqishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘quvchi quyidagi fanlardan yuqori natijalarni qayd etdi:
- Kimyo — A+
- Biologiya — A+
- Tarix — B
- Matematika — C+
- Ona tili va adabiyoti — C
Kamronbek kelgusida tibbiyot yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda va Samarqand tibbiyot universitetiga hujjat topshirishni maqsad qilgan. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri ushbu o‘quvchi bilan suhbatlashdi.
“Avvaliga qiyin tuyuldi”
Kamronbekning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi unda 8-sinfda o‘qib yurgan paytida paydo bo‘lgan.
Dastlab tayyorgarlik jarayoni biroz qiyin tuyuldi, lekin keyin ilm o‘zlashtirib sertifikat olish tomon harakat qildim.
U turli fanlar bo‘yicha turli muddat davomida tayyorlangan. Xususan, biologiya va kimyo fanlariga bir yarim yildan vaqt ajratgan bo‘lsa, ona tili hamda matematika fanlari uchun bir oy, tarix uchun esa ikki oy tayyorgarlik ko‘rgan.
“Savollar qiyinligi men kutgandek bo‘ldi”
Tayyorgarlik jarayonida u asosan repetitorlar bilan shug‘ullangan va darsliklardan foydalangan. Eng samarali usullardan biri sifatida esa o‘zlashtirilgan bilimlarni muntazam ravishda takrorlash hamda erta tongda o‘qishni alohida ta’kidlaydi.
Savollar qiyinligi men kutgandek bo‘ldi. Chunki men bu uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan edim, deydi Kamronbek.
Uning ta’kidlashicha, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash ham muhim rol o‘ynagan. Maktab darslarini asosan kechki payt 2–3 soat davomida tayyorlagan bo‘lsa, sertifikat imtihonlari uchun ko‘proq ertalab vaqt ajratgan. Har kuni taxminan 4–6 soat sertifikat fanlariga tayyorgarlik ko‘rgan.
Uyqu rejimi ham qat’iy tartibda bo‘lgan.
Menda hammasi joyida edi. Kechqurun 22:00 da uxlab, ertalab 4:00 da uyg‘onar edim.
“..ota-onam yordam bergan”
Tayyorgarlik jarayonida qiyin lahzalar ham bo‘lgan. Masalan, biologiya fanidan sertifikat topshirish arafasida tushkunlikka tushgan vaqtida unga ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi katta yordam bergan.
Bir marta biologiya sertifikatidan oldin tushkunlikka tushib qolgan edim. Bunda menga ota-onam yordam berishgan, zero ular menga har qanday psixologdan yaxshiroqdir, — deydi u.
Kamronbek test topshirishda yuqori natijaga erishish uchun bir nechta muhim jihatlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Avvalo, hayajonni yengish kerak. Agar savolga to‘g‘ri javobni darhol topish qiyin bo‘lsa, noto‘g‘ri variantlarni chiqarib tashlash orqali to‘g‘ri javobni aniqlash mumkin. Shuningdek, ustozlar bergan bilimlarni o‘z vaqtida o‘zlashtirmasa, bu bizning eng katta xatoyimiz bo‘ladi.
“Har bir o‘quvchi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni chegaralashi kerak”
U ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish o‘quvchini chalg‘itishi mumkin degan fikrga ham uncha qo‘shilmasligini bildirdi. Lekin chegara bo‘lishi kerak.
Men ijtimoiy tarmoqlarda uncha faol emasman, lekin telefon o‘quvchini chalg‘itadi degan fikrga ham uncha qo‘shilmayman. Har bir o‘quvchi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni chegaralashi kerak. Masalan, men ham foydalanishni cheklaganim sababli shu natijalarga erishdim.
“Sertifikatga tayyorlanayotgan o‘quvchilar doimiy nazoratda bo‘lgani yaxshi”
Milliy sertifikat olishni istagan tengdoshlariga esa tinimsiz mehnat qilishni tavsiya qildi.
Tinimsiz mehnat qilib, o‘rganayotgan fanlarini sevib o‘rganishlari orqali yuqori natijalarga erishishlari mumkin.
Kamronbekning fikricha, maktablarda yuqori natija ko‘rsatadigan o‘quvchilar sonini ko‘paytirish uchun o‘quvchilar tayyorlanayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘proq to‘garaklar tashkil etilishi, shuningdek, ustozlar va ota-onalar tomonidan o‘quvchilarning vaqtini to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha doimiy nazorat bo‘lishi zarur.
Hozirda Kamronbek ingliz tilini o‘rganish bilan shug‘ullanmoqda. Uning aytishicha, hozircha juda intensiv tayyorgarlik qilmayapti, ammo kelajakdagi rejalarini amalga oshirish uchun til o‘rganishni davom ettirmoqda.
Avvalroq, 5 ta asosiy va majburiy fanlardan milliy sertifikatlar olgan Termiz shahridagi 3-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Eshqobil Eshqobilov bilan suhbatlashgan edik.
