Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 8-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Sherov Ja’far bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, yuqori natijaga erishdi. U kimyo fanidan A+, biologiya fanidan A, shuningdek tarix, matematika hamda o‘zbek tili va adabiyoti fanlaridan C+ darajali milliy sertifikatlarni olishga muvaffaq bo‘ldi.
Ja’farning aytishicha, u kelajakda Samarqand tibbiyot universitetining davolash yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.
Talimxabarlari.uz muxbiri ushbu o‘quvchi bilan suhbatlashdi.
Sertifikat olish jarayoni, manbalar
O‘quvchining ta’kidlashicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi 2025-yilning fevral oyida paydo bo‘lgan. Shu asosda u tayyorgarlik rejasini tuzib, oktyabr oyining boshigacha faol tayyorgarlik olib borgan.
Ja’farning so‘ziga ko‘ra, har bir fan uchun tayyorlov muddati turlicha bo‘lgan:
Kimyo va biologiya — 7–9 oy
Matematika — 2 oy
Tarix — 1 oy
Ona tili va adabiyoti — 1 hafta
U tayyorgarlik jarayonida ustozlari tayyorlagan test to‘plamlaridan foydalanganini ta’kidlaydi. Xususan, EMR Biologiya maktabi asoschisi Ergashev Ma’rufjon hamda kimyo fani ustozlaridan Kenjayev Nuriddin tomonidan tayyorlangan materiallar unga katta yordam bergan.
‘‘Eng samarali usul — ustozlar ishonchini oqlash’’
Ja’far tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim motivatsiya ustozlari ishonchini oqlash mas’uliyati bo‘lganini aytadi. U biologiya darslarida murakkab mavzularni chuqur tahlil qilish, ko‘p savol berish orqali bilimini mustahkamlaganini eslaydi.
– Biologiya ustozim bilan har bir ma’lumotni ildizigacha o‘rganardik. Kimyo ustozimga esa hatto kechasi soat 2-3da ham masala so‘rab murojaat qilgan paytlarim bo‘lgan. Ustozlarim har safar sabr bilan tushuntirib berishardi. Bu juda qulay va motivatsion o‘qish muhiti edi, — deydi u.
Test savollari qiyin bo‘ldimi?
O‘quvchi asosiy fanlardan savollarni u uchun qiyin bo‘lmaganini aytadi. Chunki u bu fanlarni ustozlari yordamida yetarlicha chuqur o‘rgangan. Majburiy fan imtihonlaridan esa kam tayyorlangan uchun biroz qiyin bo‘lgan.
– Asosiy fanlarni yaxshi ustozlar bilan oʻrganganim sababli birorta oʻrganmagan savolim qolmagan edi. Shuning uchun, hammasi oson tuyulgan. Majburiy fan imtihonlarida esa kam tayyorlanganim sababli ozroq qiyinchilik boʻlgan, ammo oʻylaganimizdan yaxshi natija boʻldi.
Ja’farning aytishicha, sertifikatga tayyorgarlik davrida u ko‘proq imtihonlarga e’tibor qaratgan.
– Bu davrda maktabga deyarli kam qatnadim va asosiy e’tiborimni tayyorgarlikka qaratdim, — deydi u.
‘‘Uyqu rejimim buzilmagan’’
Ko‘pchilik abituriyentlarni tayyorgarlik davrida uyqu rejimi buziladi. Ammo Ja’far yetarli uyqu muhimligini ta’kidladi.
– Men ko‘p uxlashni yaxshi ko‘raman. Darslarim bo‘lsa ham yetarlicha dam olganman. Uyqu diqqatni yaxshilaydi. Keraksiz narsalarga kam chalgʻib, darsga shoʻngʻiganman. Shuning uchun, kam dars qilib ham koʻp ma’lumot olganman, — deydi u.
Stressni qanday yengdi?
O‘quvchi ba’zan xato qilgan paytlarida stressga tushganini yashirmaydi. Bunday paytlarda u qisqa dam olish orqali o‘zini tiklagan.
– Koʻpincha xato qilish yoqmasdi va stress boʻlardi, lekin shunaqa holatlarda dam olganman. Psixologik tayyorgarlik juda muhim emas, men harakterimni C.Ronaldodek qilishni xohlardim yengilmaslik EGO si yoqardi.
‘‘Tayyorgarlik vaqtida ko‘p xato qilish kerak’’
Ja’farning ta’kidlashicha, yuqori ball olish uchun eng muhim usul — tayyorgarlik jarayonida xatolar ustida ishlash.
– Imtihonda kam xato qilish uchun tayyorgarlik vaqtida ko‘p xato qilish kerak. Eng muhimi — har bir xatoni tahlil qilish. Xatoni tahlil qilsa, imtihonda aniq kam xato qilinadi.
Telefon va ijtimoiy tarmoqlar
U ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha vaqt sarflashni foydasiz deb hisoblaydi.
– Telefonda oʻtirish – hech nima qilmasdan ekranni tomosha qilishdek gap. Bundan esa foyda yo‘q. Ijtimoiy tarmoqdan foydalanganimiz uchun pul toʻlamaymiz, demak oʻzimiz unga mahsulot ekanligimizni tushunganim uchun koʻp e’tibor bermasdim.
Tengdoshlariga maslahat
Ja’far tengdoshlariga sertifikat uchun emas, bilim uchun o‘qishni tavsiya qiladi.
– Agar tibbiyot sohasida oʻqishni orzu qilib bu yil bitiruvchi boʻlmasa yana bir bor yaxshilab oʻylab koʻrishini va chindan ham shu sohada oʻqishga sabri va shijoati yetishiga amin boʻlishlarini istardim.
Maktablarda nimani o‘zgartirish kerak?
Ja’far fikricha, maktab tizimida katta o‘zgarishlar shart emas. Uning aytishicha, maktabda o‘quvchilarning qo‘shimcha tayyorgarlik ko‘rishiga ko‘proq sharoit yaratilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Avvalroq, Termiz shahridagi 3-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Eshqobil Eshqobilov ham asosiy va majburiy fanlardan milliy sertifikatlar olib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniga ega bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Intervyuni to‘liq ushbu link orqali o‘qishingiz mumkin.
