“Raqobat tufayli qisqa vaqtda natijaga erishdim”: 5 ta fandan milliy sertifikat olgan termizlik o‘quvchi

“Raqobat tufayli qisqa vaqtda natijaga erishdim”: 5 ta fandan milliy sertifikat olgan termizlik o‘quvchi

Termiz shahridagi 3-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Eshqobil Eshqobilov asosiy va majburiy fanlardan milliy sertifikatlar olib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniga ega bo‘ldi. Talimxabarlari.uz muxbiri ushbu o‘quvchi bilan suhbatlashdi.

 

O‘quvchi biologiyadan B+, kimyo hamda o‘zbek tili va adabiyotidan B, tarix va matematika fanlaridan C+ darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

 

U kelgusida tibbiyot yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda va hozirda Toshkent yoki Samarqand tibbiyot universitetlariga hujjat topshirishni maqsad qilgan.

 

Tayyorgarlik jarayoni, darsliklar

 

Eshqobilning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi unda 9-sinf yakunida paydo bo‘lgan.

 

9-sinfni tugatganimdan so‘ng sertifikat olishni maqsad qildim. Tayyorgarlik jarayoni ancha bosim bilan o‘tdi, — deydi u.

 

U kimyo fanidan 2 yil, biologiyadan 1 yil-u 1 oy, ona tili va adabiyotidan 3 oy, matematikadan 2 oy hamda tarixdan 2 hafta davomida tayyorgarlik ko‘rgan.

 

O‘quvchining so‘ziga ko‘ra, tayyorgarlik jarayonida asosan maktab darsliklari va test to‘plamlaridan foydalangan.

 

Kimyo fanidan 8–9-sinf darsliklari, organik kimyo ma’ruzalari hamda Kenjayev Nuriddin to‘plamidan foydalandim. Biologiyadan barcha darsliklar, Ergashov Ma’rufjonning masala to‘plami va ma’ruzalari asosiy manba bo‘ldi. Matematika uchun 1996–2008-yillar test to‘plamlari, ona tilidan 6–9-sinf darsliklari va qo‘shimcha to‘plamlar, tarix fanidan esa ehtimoliy qo‘llanmalar hamda 7–8-sinf darsliklari bilan ishladim, — deydi u.

 

“Raqobat tufayli tez o‘sdim”

 

Eshqobil muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri sifatida raqobatni ko‘rsatadi.

 

Raqobat tufayli qisqa vaqt ichida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdim. Har bir darsimni rejalashtirdim, belgilangan vaqtda bajardim va hammasiga ulgurdim.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha, imtihonda test savollari kutilganidan yengilroq bo‘lganini, hatto undan ham murakkab savollarga tayyorlangani uchun test jarayoni zavqli kechgan.

 

‘‘Dastlabki ikki oy eng og‘ir vaqt bo‘ldi’’

 

Maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlikni bir vaqtda olib borish oson bo‘lmagan. U maktabda o‘z baholarini olib, repetitor vazifalarini ham bajargan.

 

Ayniqsa, dastlabki ikki oy bosim kuchli bo‘ldi. Maktabdan keyin juft kunlari ketma-ket 3 ta fandan darsga borar edim. Vaqtni tejash uchun soat 22:00 dan 02:00 gacha uxlab, 02:30 dan yana dars qilardim.

 

Shuningdek, har yakshanba kuni o‘rgangan mavzularini takrorlagan.

 

Albatta, uyqu rejimim ancha buzildi. Aytganimdek, birinchi 2 oy eng og‘ir vaqt bo‘ldi. Ba’zida dars payti ham uxlab qolgan vaqtlarim bo‘lgan, — deydi u.

 

‘‘Raqobatchim bilan do‘stlashdim’

 

Tayyorgarlik davomida tushkunlik holatlari ham bo‘lgan. Eshqobil buni raqobatchisi bilan do‘stlashish orqali yengganini aytadi.

 

Raqobatchim o‘sha paytda mendan kuchli edi. U bilan do‘stlashdim va u menga maslahatlar berardi. Undan motivatsiya ham olganman.

 

Uning fikricha, psixologik tayyorgarlik bilimdan kam ahamiyatga ega emas.

 

Test strategiyasi: avval tez yechiladigan savollar

 

Kimyo fanidan test topshirish uslubi haqida u shunday deydi:

 

Nazariy savollarni tashlab, bir boshidan tez hisob-kitob qilinadigan topshiriqlarni ishlardim. Qiyin va ko‘p hisobli savollarni keyinga qoldirardim. Nazariy savollarni o‘ylasangiz o‘ylayverasiz, – deydi u.

 

Tayyorgarlik paytida ijtimoiy tarmoqlardan deyarli foydalanmagan.

 

Instagram va YouTube’ga vaqtinchalik kirmadim. Faqat Telegram’ga xabarlarni o‘qish uchun kirardim. Vaqtingiz bo‘lmasa, telefon ham sizni chalg‘itolmaydi.

 

‘‘Ko‘proq tavakkal qiling’’

 

Milliy sertifikat olishni istagan o‘quvchilarga u quyidagi tavsiyalarni berdi:

 

Munosabatlar va ortiqcha do‘stlar vaqtni oladi. Raqobatchilarni ko‘paytiring, shunda o‘sish siz uchun yagona yo‘l bo‘lib qoladi. Ko‘proq tavakkal qiling.

 

Fikringizcha, maktablarda nimani o‘zgartirish kerak?

 

Eshqobilning fikricha, 10–11-sinflarda majburiyatni ko‘paytirish emas, balki qiziqishni oshirish kerak.

 

10-11-sinfda o‘quvchilar o‘zi qiziqqan sohasi bo‘yicha guruhlarga ajratilib o‘qitilishi kerak. Ta’lim sifatini oshirish uchun yuqori sinflarda o‘quv kurslardagidek faqat 5 ta blok fanlari chuqur o‘qitilsa, natija yanada yuqori bo‘ladi. Tajribali repetitor ustozlarni maktabga jalb qilish ham ta’lim sifatini oshiradi, — deya fikr bildiradi u.

 

Avvalroq, 4 ta fandan milliy sertifikatlar olgan angrenlik 11-sinf o‘quvchisi Parizoda Fatullayeva bilan suhbatlashgan edik.