Ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglarning malaka toifa sertifikatlarining amal qilish muddati qisqartirilgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Hukumatning 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, pedagog kadrlar har besh yilda bir marta navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Vazirlik munosabatiga ko‘ra, 2021-yilgacha bo‘lgan davrda pedagoglarga attestatsiya natijalariga muvofiq malaka toifalarini tasdiqlovchi sertifikatlar qog‘oz shaklida hududiy boshqarmalar tomonidan rasmiylashtirilgan va pedagoglarga topshirilgan.
Mazkur sertifikatlar respublika bo‘ylab turli sanalarda berilganligi sababli, ularning besh yillik amal qilish muddatining tugashi 2026-yilning turli oylariga to‘g‘ri keladi.
‘‘Ma’lumki, bahorgi attestatsiya jarayoni odatda yanvar–iyun oylarida o‘tkaziladi va natijalarga ko‘ra, yangi sertifikatlar iyun oyida beriladi.
Shu bois, 2021-yilning iyul–avgust oylarida sertifikat olgan ayrim pedagoglar sertifikatlarining amal qilish muddati yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin yakuniga yetadi.
Pedagoglarga malaka toifasi sertifikatlari muddatlarida uzilish yuzaga kelishining oldini olish maqsadida, sertifikat muddati yangi o‘quv yili boshlanguniga qadar tugaydigan pedagoglarga bahorgi attestatsiyada majburiy attestatsiya turi bo‘yicha, hech qanday to‘lov undirilmagan holda qatnashish imkoniyati mavjud.
Bunda pedagoglar kuzgi attestatsiyani kutmasdan, bahorgi attestatsiya jarayonlarida ishtirok etishlari mumkin.
Ta’kidlash joizki, malaka toifasi sertifikatlarining amal qilish muddati bo‘yicha hech qanday qisqartirish yoki o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish amalga oshirilmagan.
Pedagoglarning amaldagi sertifikatlari muddati yakuniga yetmaguniga qadar malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi va amaldagi toifa bo‘yicha haq to‘lanishi davom etadi’’, deyiladi xabarda.
