‘‘Ijtimoiy reyestrʼʼga kiritilgan 14–30 yoshdagilar 6 oygacha xorijiy til va kasb-hunar kurslari uchun har oy BHMning 4 baravarigacha subsidiya olishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-fevraldagi 78-son qarorida belgilangan.
Qarorga koʻra, ‘‘Ijtimoiy reyestrʼʼga kiritilgan oilalarning 14-30 yoshdagi (31 yoshga toʻlmagan) aʼzosi boʻlgan yoshlar 6 oygacha tadbirkorlikni, anʼanaviy va zamonaviy kasblarni, axborot texnologiyalarini va xorijiy tillarni oʻrganish boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlari ‘‘Yoshlar daftariʼʼ jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.
Subsidiyadan foydalanish uchun talabgor belgilangan shaklda (Reglamentning 9-ilovasiga muvofiq) murojaat qilishi lozim.
Ariza namunasi:
Agar talabgorga ilgari “Yoshlarning kurs markazlarida xorijiy tillarni oʻqish xarajatlari bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi ” nizomga muvofiq ‘‘2+6ʼʼ dasturi doirasida subsidiyaga ajratilgan boʻlsa, mazkur imtiyozdan foydalana olmaydi.
Subsidiya mablagʻlari Yoshlar yagona elektron platformasidan roʻyxatdan oʻtgan oʻquv markazlariga, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning oʻqish xarajatlarini qoplash uchun oʻtkaziladi.
Oʻquv markazini platformada roʻyxatdan oʻtkazish uchun quyidagi talablar bajarilishi lozim:
1.Taʼlim xizmatlari koʻrsatish boʻyicha litsenziya yoki xabarnoma tasdiqnomasi mavjud boʻlishi (YATTlar boʻyicha maʼlumotlar platforma orqali avtomatik aniqlanadi):
2.Yoshlar yagona elektron platformasi orqali quyidagi hujjatlar (pdf formatda) taqdim etiladi:
— taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida faoliyat yuritishini tasdiqlovchi hujjatlar;
— oʻqituvchilarning diplomi yoki malakasini tasdiqlovchi hujjat hamda JSHSHIR maʼlumotlari;
— xorijiy til oʻqituvchilari uchun kamida B2 darajadagi yoki unga tenglashtirilgan milliy yoki xalqaro sertifikat;
3.Oʻquvchilarning davomatini nazorat qiluvchi biometrik identifikatsiya (Face ID) tizimini joriy etish va uni platformaga integratsiya qilish.
Subsidiyalar ajratilgach, har oylik toʻlovlar keyingi oyning 5-sanasiga qadar ariza beruvchi va oʻquv markazi oʻrtasida shartnoma asosida mablagʻlar oʻquv markazining bank hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Shuningdek, subsidiyani olganlar uchun quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
— volontyorlik loyihalarda ishtirok etish;
— 6 oy davomida ‘‘Mutolaaʼʼ loyihasi doirasida har oyda bitta kitob mutolaa qilish;
— 6 oy davomida ‘‘Ibrat farzandlari’’loyihasi doirasida xorijiy tillarni o‘zlashtirish bo‘yicha kamida B1 darajaga erishish.
Avvalroq, ‘‘Ijtimoiy reyestrʼʼga kiritilgan oilalarning 14–30 yoshdagi aʼzolari boʻlgan, kunduzgi taʼlimda toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalar kontrakt summasining 50 foizigacha qoplab berilishi haqida ham xabar bergan edik.

