‘‘Ijtimoiy reestr’’ga kirgan kasbiy va oliy ta’lim muassasalari talabalarining 50 foizgacha kontrakti to‘lab beriladi

‘‘Ijtimoiy reestr’’ga kirgan kasbiy va oliy ta’lim muassasalari talabalarining 50 foizgacha kontrakti to‘lab beriladi

Kasbiy va oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan ayrim talabalarga kontrakt summasining bir qismini qoplab berish tartibi belgilandi.

 

Unga ko‘ra, «Ijtimoiy reestr»ga kiritilgan oilalarning 14–30 yoshdagi a’zolari bo‘lgan, kunduzgi ta’limda to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya olishlari mumkin.

 

Ushbu tartib, davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida, kasbiy ta’lim tashkilotlari kunduzgi ta’lim shaklida, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallarida bakalavriat va magistratura kunduzgi ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar uchun amal qiladi.

 

Murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror “Mahalla yettiligi” tomonidan qabul qilinadi. Mablag‘lar talaba bilan tuziladigan ijtimoiy shartnoma asosida ta’lim muassasasining bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

 

Ijtimoiy yordam ajratilgan talaba zimmasiga bir qator majburiyatlar yuklanadi. Jumladan:

 

—o‘quv semestrida o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida “4” baho bo‘lishi;

volontyorlik loyihalarida ishtirok etish;

—6 oy davomida “Mutolaa” loyihasi doirasida har oy kamida bitta kitob o‘qish;

—6 oy davomida “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida xorijiy tilni kamida B1 darajada o‘zlashtirish.

 

Mazkur subsidiya uchun arizalar yil davomida qabul qilinadi. Biroq iyul–sentabr oylarida murojaatlar qabul qilinmaydi.

 

Mazkur tartib masofaviy, sirtqi, kechki ta’lim shakllari, ikkinchi mutaxassislik va tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarga tatbiq etilmaydi.