Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan bakalavriatga qabul qilish tartibiga muvofiq, SAT xalqaro imtihoni natijalari oliy ta’lim muassasalariga kirishda inobatga olinadi.
Nizomga ko‘ra, “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan Scholastic Aptitude Test (SAT) imtihonida maksimal ballning kamida 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natija qayd etgan abituriyentlar sertifikat berilgan fanlar (matematika va ingliz tili fanlari) kirish imtihonlari tarkibiga mos keladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
SAT natijalari faqat sertifikatda baholangan fanlar tanlangan ta’lim yo‘nalishining kirish imtihonlari fanlariga mos kelgan taqdirda hisobga olinadi. Sertifikat Agentlikka elektron tarzda College Board tizimi orqali DI kod yordamida yuborilishi lozim. Abituriyentlarni talabalikka tavsiya etish Davlat komissiyasi qarori asosida amalga oshiriladi.
SAT natijasini Agentlik tizimiga yuborish tartibi
SAT sertifikati oliy ta’limga qabul jarayonida hisobga olinishi uchun natija College Board tizimi orqali rasmiy elektron shaklda yuboriladi.
Buning uchun abituriyent avvalo College Board’ning rasmiy sayti — studentscores.collegeboard.org sahifasiga kirib, SAT topshirishda foydalanilgan shaxsiy akkaunti orqali tizimga kiradi.
Profil sahifasi ochilgandan so‘ng “Send Scores” yoki “Send SAT Scores” bo‘limi tanlanadi. Ushbu bo‘lim SAT natijalarini oliy ta’lim muassasalari yoki vakolatli tashkilotlarga rasmiy yuborish uchun mo‘ljallangan. Keyingi bosqichda “Add a recipient” funksiyasi orqali natija yuboriladigan tashkilot qo‘shiladi.
Qabul qiluvchi tashkilotni tanlash jarayonida Agentlikning maxsus DI kodi kiritiladi. Tizim ushbu kod orqali tegishli tashkilotni aniqlaydi va abituriyent uni tasdiqlaydi. Shundan so‘ng yuboriladigan SAT natijasi yoki test topshirilgan sana tanlanadi.
So‘nggi bosqichda yuborish jarayoni tasdiqlanadi va natija College Board tizimi orqali elektron tarzda jo‘natiladi. Ayrim hollarda xizmat uchun to‘lov talab qilinishi mumkin.
Yuborish yakunlangach, SAT natijasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Agentlikning axborot tizimiga yetkaziladi va abituriyent tomonidan alohida fayl yoki sertifikat yuklash talab etilmaydi. Shu tariqa SAT natijasi faqat rasmiy elektron yuborish orqali qabul qilinadi hamda PDF nusxa, skrinshot yoki elektron pochta orqali jo‘natilgan hujjatlar haqiqiy deb hisoblanmaydi.
DI kod nima va nega kerak?
SAT imtihoni natijalarini maxsus kod orqali yuborish tartibi faqat O‘zbekiston uchun yaratilgan alohida tizim emas. Bu usul dunyoning ko‘plab davlatlarida qo‘llanadigan rasmiy tartib bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari abituriyentlarning imtihon natijalarini bevosita imtihonni tashkil etuvchi xalqaro tashkilotning ma’lumotlar bazasidan qabul qiladi.
Mazkur tartibning joriy etilishidan asosiy maqsad imtihon natijalarining haqiqiyligini ta’minlashdan iborat. Oddiy elektron nusxa yoki rasm ko‘rinishidagi hujjatlar o‘zgartirilishi mumkinligi sababli rasmiy tasdiq sifatida qabul qilinmaydi. Maxsus kod orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborilgan natijalar esa asl manbadan olinadi, tekshiriladi va ishonchli hamda rasmiy ma’lumot sifatida tan olinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yildan boshlab fanlar majmuasida chet tili fani mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga qabulda B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball beriladi.
Shuningdek, oldinroq OTMga kirishda maksimal ball beruvchi chet tili sertifikatlari ro‘yxati haqida ham ma’lumot berilgan edi.
