Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqoʻrgʻon tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivini borib koʻrdi, massivida joylashgan ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida inklyuziv ta’lim sharoitlari va axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Massivdagi 66-maktabda bugungi kunda 500 dan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda. Nogironligi bo‘lgan bolalarni zamonaviy standartlar asosida o‘qitish uchun alohida infratuzilma yaratilgan. Maktabda 50 ga yaqin maxsus mutaxassis va pedagog faoliyat yuritadi. O‘quv xonalari, yo‘laklar, sport zali, ovqatlanish va muolaja xonalari inklyuziv ta’lim talablariga moslashtirilgan.
Davlat rahbari ta’lim jarayonida sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishlarini keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Sunʼiy intellektga oʻqitish dasturlarini bejiz maktablar taʼlimiga joriy etmayapmiz, oʻquvchilar oliy taʼlim muassasalari, mehnat bozoriga kelajak kasblari uchun tayyor boʻlib borishlarini istaymiz, – dedi Prezident.
Shundan soʻng Prezident massivdagi xorijiy tillar va axborot texnologiyalari oʻquv markazini koʻzdan kechirdi.
6,5 milliard soʻm hisobiga barpo etilgan 400 oʻrinli majmua yiliga 2 mingdan ortiq yoshga taʼlim olish va loyihalar ustida ishlash imkonini beradi. Bu yerda 200 nafarga yaqin oʻquvchi kompyuter savodxonligi va “front-end” yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin oʻquvchi IELTS imtihonlarida B2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Markazda 20 ga yaqin mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.
Jarqo‘rg‘ondagi “Yangi O‘zbekiston” massivi hududida maktab, bog‘cha, o‘quv markazlari va boshqa ijtimoiy infratuzilma obyektlari bosqichma-bosqich barpo etilmoqda. Ta’lim muassasalarini zamonaviy sharoitlar bilan ta’minlash hududni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.
Bugun jahon hamjamiyati Oʻzbekistonga hurmat bilan qaramoqda, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni koʻrib, islohotlarning samarasiga guvoh boʻlmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” massivlari ham odamlarimiz farovon hayot kechirishi, shinam uylarda yashashi uchun barpo etilyapti. Men doim “taʼlim-taʼlim” deb bejiz aytmayapman. Bilimimiz, mana shunday bunyodkorona mehnatimiz bilan yurtimizning obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaltirib, dunyoda munosib oʻrin egallaymiz. Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali koʻp yangiliklarni amalga oshiramiz, – dedi Prezident.






