O‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida ‘‘Eng yaxshi oliy taʼlim ixtirochisi’’ respublika tanlovi o‘tkaziladi

O‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida ‘‘Eng yaxshi oliy taʼlim ixtirochisi’’ respublika tanlovi o‘tkaziladi

Muhokamalar portaliga ‘‘Eng yaxshi oliy taʼlim ixtirochisiʼʼ respublika tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

 

Nizom loyihasiga koʻra, har yili davlat oliy taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilari va talabalari orasida eng yaxshi ixtirochilarni saralab olish, ixtirochiligini ragʻbatlantirish hamda innovatsion faolligini oshirish maqsadida ‘‘Eng yaxshi oliy taʼlim ixtirochisiʼʼ respublika tanlovi oʻtkaziladi.

 

Mazkur tanlov quyidagi 8 ta ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha tashkil etiladi:

 

— sunʼiy intellekt, dasturlash va axborot texnologiyalari;

 

— muhandislik, ishlab chiqarish va ishlov berish sohalari;

 

— aniq va tabiiy fanlarga mansub taʼlim yoʻnalishlari;

 

— ekologiya va atrof-muhit muhofazasi;

 

— veterinariya va qishloq xoʻjaligi (shu jumladan, baliqchilik va oʻrmonchilik);

 

— sogʻliqni saqlash, tibbiyot va mehnat muhofazasi;

 

— arxitektura va qurilish;

 

— transport va logistika xizmatlari.

 

Tanlov har yili aprel oyining birinchi oʻn kunligida eʼlon qilinadi va nizomga ilova qilingan sxema asosida oʻtkaziladi.

 

Ishtirokchilar tanlovda oʻzlari yaratgan ixtirolari bilan ariza topshirish orqali qatnashadilar. Har bir talabgor faqat bitta ixtiro bilan ishtirok etishi mumkin. Avvalgi tanlovlarda ishtirok etgan loyiha bilan qayta qatnashishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Tanlov har yili bir marotaba talabgorlar oʻrtasida quyidagi uch bosqichda oʻtkaziladi:

 

1-saralash bosqichi – oliy taʼlim tashkilotlari miqyosida talabgorlar orasidan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha eng yaxshi ixtirochilar saralanadi;

 

2-hududiy bosqich – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar miqyosida hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim muassasalarida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha gʻolib boʻlgan talabgorlar oʻrtasida;

 

3-respublika bosqichi – respublika miqyosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida gʻolib boʻlgan talabgorlar oʻrtasida.

 

Bunda har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha 1 nafar 1-oʻrin, 1 nafar 2-oʻrin va 1 nafar 3-oʻrin, jami 24 nafar gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi.

 

Ishtirokchilar har bir bosqichda oʻz ixtirosini taqdimot shaklida himoya qiladi, bunda ixtiro eksponat (prototip) namunasini taqdim etishlari mumkin.

 

Respublika bosqichi doirasida gʻoliblar tanlov komissiyasi qarori asosida aniqlanadi va natijalar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Tashkilotchi veb-saytida eʼlon qilinadi.

 

Ixtirolar 100 ballik tizim asosida quyidagi mezonlar boʻyicha baholanadi:

 

  • energiya va resurslarni tejash, zamonaviy texnologiyalar va yangi materiallar yaratish hamda ulardan foydalanish – 10 ballgacha;
  • ekologiyaga mosligi (atrof muhitni himoyalash boʻyicha muammolarni hal qilish) – 20 ballgacha;
  • ijtimoiy ahamiyati (mehnat sharoitlarini yaxshilash, insonlar uchun qulaylik yaratish) – 15 ballgacha;
  • obyektni ishlab chiqilish darajasi (foydalanishga tayyorligi: sinov- sanoat yoki dastlabki namuna, laboratoriya maket namunasi mavjudligi) – 15 ballgacha;
  • eksportga moʻljallanganligi – 15 ballgacha;
  • importning oʻrnini bosishi – 15 ballgacha;
  • ixtiro yoki foydali modelga patent olinganligi – 10 ballgacha.

 

Tanlovning barcha yoʻnalishlari boʻyicha taqdirlash quyidagicha:

 

— 1-oʻrin — 12 mln 250 ming soʻm;

 

— 2-oʻrin — 10 mln soʻm;

 

— 3-oʻrin — 9 mln soʻm.

 

Gʻoliblar bir martalik pul mukofoti va tegishli sertifikat bilan taqdirlanadi.

 

Shuningdek, gʻoliblarning taqdirlash marosimi oʻtkazilgan sanadan boshlab 6 (olti) oy ichida eng koʻp gʻoliblari boʻlgan 2 ta oliy taʼlim tashkilotiga zamonaviy laboratoriya, ilmiy adabiyotlar va boshqa jihozlar bilan taʼminlash uchun har biriga 500 million soʻmgacha Jamgʻarma tomonidan mablagʻ ajratiladi.

 

Tanlov gʻoliblarning ixtirolarini kelgusida startap loyihalar doirasida moliyalashtirishga ustuvorlik beriladi.