Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 24-fevral kuni yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o’tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etib, qo‘shiq kuylagan xorazmlik 4-sinf o‘quvchisiga mashina sovg‘a qilindi.
Otamurod ismli 4-sinf o’quvchi yigit Komiljon Otaniyozovning qo’shig’ini kuyladi. Prezident uning ijrosini eshitib, unga «Prezidentdan sovg’a» deya, mashina berishni aytdi.
Prezident «Xorazmdan kelibdi, endi mashinada qaytishi kerak» – deya hazil qilib, qo’shimcha qildi.

Avvalroq ta’lim sohasida yana kimlarga «Prezident sovg’asi» sifatida avtomashina berilgan?
2018-yilda Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz shahrida «Wunderkind» nomli xususiy bog’chaga tashrif buyurgan. Tashrif davomida viloyatda yana shu bog’cha misolida 25 ta bog’cha qurish, shuningdek, bog’cha mudirasiga esa avtomobil sovg’a qilish topshirig’ini bergan.
2019-yilda Prezident OʻzMUda oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida universitetning 4-kurs talabasi Sardor Bozorboyev oʻz tajribasidan kelib chiqib, S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyi oʻquvchilarini matematika fanidan xalqaro olimpiadaga tayyorlayotgani, oʻquvchilari Rossiyada boʻlib oʻtgan olimpiadalarda munosib ishtirok etgani haqida gapirib bergan. Shavkat Mirziyoyev talabaning ishtiyoqi va tashabbuskorligi uchun unga avtomobil sovg’a qilishni aytgan.
2025-yil 16-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan o‘tkazilgan muloqotda Romitan tumanidagi 38-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Billura Ikromova va Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 37-maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi Nodira Nabiyevalarning boshlagan ezgu ishni alohida e’tirof etgan va o’qituvchilarga «Prezident sovg’asi» sifatida BYD Chazor avtomobili topshirilgan.

2025-yil yanvar oyida Abu-Dabi shahrida “Zayed Sustainability Prize” tanlovi oʻtkazilgan edi. Tanlovda oʻz ixtirolari bilan ishtirok etgan Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari Pahlavon Gʻulomov, Asilbek Ashrapov gʻolib boʻlgan. Shunday yuqori natijaga erishgani uchun oʻquvchilar va ularning ustozi Sohibjon Azizov avtomobil bilan taqdirlangan.




