Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Jizzax viloyati ta’lim tizimida faoliyat yuritgan mansabdor shaxs pora olayotgan vaqtida ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilgani aniqlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga muassasa rahbaridan 4,8 million so‘m miqdorida pora talab qilgan. Mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini tamagirlik yo‘li bilan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, tergov jarayonida ushbu shaxsning Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 243-moddasida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan boshqa noqonuniy harakatlari ham aniqlangani ma’lum qilindi.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq, Surxondaryo viloyatida maktab direktori 200 AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.
