Farg‘onadagi bog‘chalarda bolalar ommaviy zaharlangani ma’lum bo‘ldi

Farg‘onadagi bog‘chalarda bolalar ommaviy zaharlangani ma’lum bo‘ldi

Fargʻona viloyatida bog‘cha tarbiyalanuvchilari zaharlanish belgilari bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Hozirda 62 nafar bemor bola statsionar davolanmoqda. Holatga tegishli tashkilotlar izoh berdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning ommaviy zaharlangani to‘g‘risida xabarlar keng tarqaldi.

 

Ma’lum bo‘lishicha joriy yilning 20-fevral kuni Farg‘ona shahridagi 61-,58-,22- va 2-sonli bog‘cha tarbiyalanuvchilari yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

 

O‘sha kuni tarbiyachilar bolalarning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, ko‘proq suyuqlik ichirishni, bolalar go‘shtdan zaharlangan bo’lishi mumkinligini aytgan. Bolalarda isitma, koʻngil aynishi, qayt qilish va ich ketish belgilari kuzatilgan.

 

Fargʻona viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Fargʻona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 21.02.2026-yil soat 19:00 dan boshlab Fargʻona shahar hududida joylashgan 2-sonli, 58-sonli va 61-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari tana haroratini koʻtarilishi, qorinda ogʻriq, holsizlik, koʻngil aynishi, ich oʻtishi belgilari bilan murojaat bilan kelishgan.

 

Aniqlanishicha bemorlarda qorin sohasida ogʻriq, ich ketishi, haroratni koʻtarilishi, koʻngil aynishi kabi sogʻligʻida salbiy holatlar kuzatilgan. Shifoxonada davolovchi vrachlar tomonidan bemorlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, “Oʻtkir diareya kasalligi, alimentar etiologiyali” tashxisi bilan diyareya boʻlimiga yotqizilgan. Hozirda boʻlimda 62 nafar bemorlar statsionar davolanayotgan boʻlib, holati yaxshi.

 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari bogʻchalarning oshxonalarida va ovqat yetkazib beruvchi korxonada tekshiruvlar oʻtkazib, bolalar isteʼmol qilgan taomlardan laboratoriya namunalari olib tekshirmoqda.

 

Shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan mazkur holat boʻyicha atroflicha oʻrganish ishlari olib borilayotgani maʼlum qilindi.

 

Avvalroq, Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlarida hamda Jizzax viloyatida bogʻcha bolalarining ovqatdan zaharlanish holatlari aniqlangan edi.