Umumta’lim fanlaridan 2026-yilning 1-yarmida bo‘lib o‘tadigan sertifikat imtihonlari ro‘yxati e’lon qilingan. Unda umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash test sinovlari yanvar, fevral, mart va aprel oylarida o‘tkazilishi belgilangan.
Biroq mazkur grafikda may oyi uchun umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat imtihoni qo‘yilmagan.
20-fevral kuni Bilimni baholash agentligi masʼullari ishtirokida oʻtkazilgan ovozli muloqotda ushbu masalaga aniqlik kiritildi.
Maʼlumki, umumtaʼlim fanlaridan hamda chet tillaridan milliy sertifikat imtihonlari jadvali har yarim yillik kesimida eʼlon qilinadi.
2026-yilning birinchi yarmi uchun tasdiqlangan jadvalga koʻra, aksariyat fanlardan imtihonlar ikki marotaba oʻtkazilishi belgilangan. Matematika, kimyo va geografiya fanlaridan esa bir marotaba oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Masʼullarning taʼkidlashicha, mazkur jadval shakllantirilayotganda oʻquv yili toʻliq hisobga olinadi. Yaʼni, 2025-yilning ikkinchi yarmidagi hamda 2026-yilning birinchi yarmidagi grafiklar oʻzaro bogʻliq va bir-birini davom ettiruvchi hisoblanadi. Har ikkala yarim yillikni birgalikda hisoblaganda, har bir umumtaʼlim fanidan uch martagacha milliy sertifikat imtihoni tashkil etilgan boʻladi.
2026-yil 1-yarmida 4 oy davomida umumtaʼlim fanlaridan 5 ta imtihon oʻtkazilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, agar may oyiga qoʻshimcha imtihon kiritilsa, uning natijalarini 5-iyungacha eʼlon qilish imkoni boʻlmaydi.
Nima uchun aynan 5-iyun?
Chunki, 5-iyundan boshlab oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichiga abituriyentlarni roʻyxatga olish jarayoni boshlanadi. Shu bois agentlik umumtaʼlim va chet tili fanlari boʻyicha natijalarni ushbu muddatgacha eʼlon qilishi zarur.
Shuningdek, masʼullar may oyida boshqa tadbirlar ham rejalashtirilganligini hamda grafik oldindan toʻliq shakllantirilganligini maʼlum qilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, may oyida matematika, kimyo yoki boshqa umumtaʼlim fanlaridan milliy sertifikat imtihonlarini oʻtkazish rejalashtirilmaganligi taʼkidlandi.

