Bu yil mart oyida o‘zbekistonliklarni bir nechta bayramlar va uzaytirilgan dam olish kunlari kutmoqda. Xususan, 8-mart — Xotin-qizlar kuni hamda 21-mart — Navro‘z bayrami (shuningdek, Ramazon hayiti) taqvim bo‘yicha dam olish kunlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Mehnat kodeksining 208-moddasiga binoan, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Ushbu qoidaga asosan dam olish kunlari quyidagi tartibda taqsimlanadi:
8-mart — Xotin-qizlar kuni munosabati bilan:
Haftada 5 kun ishlaydiganlar uchun 3 kun ketma-ket dam olish kuni bo‘ladi. Bunda 7 mart shanba va 8 mart yakshanba odatiy dam olish kunlari bo‘lsa, 9-mart dushanba kuni bayram yakshanbaga tushgani hisobiga ko‘chirilgan qo‘shimcha dam olish kuni hisoblanadi. Haftada 6 kun ishlaydiganlar uchun esa 8- va 9-mart kunlari, ya’ni 2 kun dam olish belgilanadi.
21-mart — Navro‘z va Ramazon hayiti munosabati bilan:
Joriy yilda Navro‘z bayrami va Ramazon hayitining birinchi kuni aynan bir kunga — 21 mart, shanba kuniga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Shu sababli, haftada 5 kun ishlaydigan xodimlar uchun 21 mart (shanba), 22 mart (yakshanba) va 23 mart (dushanba — ko‘chirilgan dam olish kuni) hisobiga jami 3 kunlik dam olish beriladi. Haftada 6 kun ishlaydiganlar uchun esa 21 va 22-mart kunlari dam olish kuni bo‘ladi.
